Samarqand va Urgut tumanlarida o‘tkazilgan yarmarkada 113 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi
Samarqand tumanida Prezident Administratsiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, hokimlik hamda idoralar mas’ul xodimlari ishtirokidagi ommaviy sayyor qabul davomida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarka”si ham o‘tkazildi.
Yarmarkada tumanda faoliyat olib borayotgan 26 ta ishlab chiqarish va sanoat korxonalari o‘zlarida mavjud 135 ta bo‘sh (vakant) va zaxiradagi (kvotalangan) ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Ushbu yarmarkaga shu yerda istiqomat qiluvchi 448 nafar fuqaro, xususan, 139 nafar ta’lim muassasasini bitirgan yoshlar, 213 nafar ayollar va boshqa ish qidiruvchilar qatnashdi.
Tadbirda davlat tashkilotlari tomonidan sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida ishga tushadigan loyihalar hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlar burchagi tashkil qilindi. Qolaversa, yoshlarning egallagan kasb-mahorati va qobiliyatini namoyish etish uchun sharoitlar yaratildi.
Yarmarkada 125 nafar fuqaroga ishga joylashish va o‘z biznesini ochishga ko‘maklashish bo‘yicha tegishli maslahatlar, shuningdek, 47 nafar (17 nafari yoshlar) fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.
Xuddi shunday yarmarka Urgut tumanida ham bo‘lib o‘tdi. Unda tumanda faoliyat olib borayotgan 77 ta korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud 327 ta bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etdi.
Yarmarkaga murojaat qilganlardan 66 nafariga (30 nafari yoshlar, 25 nafari xotin-qizlar) turli sohalarga ishga joylashish uchun yo‘llanma, 110 nafar fuqaroga turli sohalarga ishga joylashish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.