Samarqandda yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi
Bugun viloyatdagi tuman, shaharlarda Adliya boshqarmasi tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamda ularning hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda viloyat adliyasiga biriktirilgan yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda 60 dan ortiq tashkilotlar va davlat idoralari, muassasalar 400 dan ziyod ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, moliya, kredit, hunarmandchilik, sug‘urta, xususiy korxonalar yo‘nalishlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilindi.
Mehnat yarmarkalarida 895 nafar yoshlar qatnashib, 42 nafar ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi. 69 nafar yoshlar esa kasb-hunarga o‘qitish markazlariga yo‘llanma oldi.
Bugungi kunda viloyatimiz yoshlari 2,5 million nafarni tashkil etadi. Ularning 33 mingdan ortig‘i viloyat adliyasiga biriktirilgan. Hozirga qadar 31 mingdan ortiq yoshlarning huquqiy muammolari o‘rganilib, navbatdagi bosqichda ularning ijrosi ta’minlanmoqda, deya xabar bermoqda viloyat adliya boshqarmasi.