Mehnat yarmarkasida oylik maoshi 8 million so‘mgacha bo‘lgan ish o‘rinlari taklif etildi
Viloyati hokimligi, prokuratura va viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 183 ta korxona, tashkilot va muassasa 3 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
- Mazkur yarmarkada tumanimizdan 10 ta korxona 510 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi, - deydi Urgut tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi shu’ba mudiri Bahodir Sharopov. – Ular taklif etayotgan ish o‘rinlari uchun belgilangan oylik maosh o‘rtacha 1 million 800 ming so‘mdan 4 million so‘mgachani tashkil etadi. Albatta, ish beruvchilar tomonidan qo‘lida kasbi bor ishchilarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, “Sam Ferre” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan payvandlovchi, chilangar, yuk tashuvchi kabi ish o‘rinlariga 150 nafar ishchi zarur. Taklif etilayotgan ish haqi 1 million 800 ming so‘mdan 8 million so‘mgacha. Ish beruvchilar malakali ishchilarni jalb qilib, samaradorlikka erishishga intilmoqda.
Samarqand viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda 451,6 ming nafar fuqaro bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Shundan 165,8 ming nafari doimiy, 203,4 ming nafar mavsumiy va 82,4 ming nafar norasmiy faoliyatni rasmiylashtirish hisobiga amalga oshiriladi. Shuningdek, ishsiz, kasb-hunarga ega bo‘lmagan 13 ming fuqaro kasb-hunarga o‘qitilishi belgilangan.
Yarmarka davomida 268 nafar fuqaroga yo‘llanma berildi. Ularning 183 nafari muqim ishga joylashgan bo‘lsa, 41 nafari kasb-hunar o‘rganishga, 44 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘naltirildi.
Alisher Isroilov.