Mehnat yarmarkasida 355 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi

Samarqand shahridagi "Yoshlar" istirohat bog‘ida “Bo‘sh ish o‘rinlari" mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida tuman (shahar)lardan 350 dan ziyod korxona, tashkilot 7 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.

- Bir yilda Samarqand viloyatida aholi soni 85 ming kishiga ko‘paymoqda. 85 ming odam degani, bitta Kattaqo‘rg‘on shahri paydo bo‘ldi degani, - dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov. – Ularni ish bilan ta’minlash juda qiyin, lekin biz ishsizlikni kamaytirishga, aholini ko‘proq o‘zini o‘zi band qilish, tadbirkorlikka jalb etishga harakat qilyapmiz.

O‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida ishtirok etgan ishsiz fuqarolarning 355 nafariga ishga joylashishi uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, ishsiz va muayyan bir kasbga ega bo‘lmagan 48 nafar fuqaroni kasb-hunarga o‘qitish uchun Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan yo‘llanmalar berildi.

Bundan tashqari, kasb-hunar kurslarini tamomlagan fuqarolarning 31 nafariga asbob-uskunalar tarqatildi. Ulardan “Ayollar” va “Yoshlar” daftarida turgan ishsiz ayollarga o‘zini o‘zi band qilish maqsadida subsidiya asosida tikuv mashinalari berildi. Shuningdek, tijorat banklari tomonidan 12 nafar fuqaroga sertifikatlar taqdim etildi.