Samarqand viloyati IIB: "Inson baxti uchun kamarbastamiz!"
Inson dunyoga kelibdiki, baxtli bo‘lishga haqli. Bunda albatta, avvalo, u yashayotgan jamiyatda tinchlik-osoyishtalik ta’minlangani muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda aytish mumkinki, istiqlolimizning ilk davrida tashkil topgan ichki ishlar organlari ayni shu yo‘lda xizmat olib borayotgan muhim tuzilmalardan biri.
Keyingi besh yilda tizimda keng ko‘lamli va puxta o‘ylangan islohotlar amalga oshirilib, jinoyatchilikni jilovlash, aholining muammolarini tezkorlik bilan hal etish, xalqning ichiga kirib ishlash hamda ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyatini va ijtimoiy turmush tarzini yaxshilash borasida muhim islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, ushbu yo‘nalishda birinchi navbatda markaziy apparatdagi shaxsiy tarkibning 85 foizi bevosita aholi yashash punktlariga, ya’ni quyi tizimlarga tushirildi. Tizimdagi barcha tarkibiy va hududiy bo‘linmalar, jumladan, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari, ekspert-kriminalistika va pasport bo‘linmalari mutlaqo yangicha mezonlar asosida qayta shakllantirilgani, xodimlar xizmat faoliyatiga xos bo‘lmagan ko‘plab ishlardan ozod etilgani sohada ish samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Aholining ichki ishlar organlaridagi vakili
Shuningdek, jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash borasida jamoat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu borada har bir mahalla uchun bittadan profilaktika inspektorlari ajratilib, ularning soni 62,4 foizga ko‘paytirildi. Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 697 ta xizmat uylari qurib berildi hamda 733 ta avtomashina xarid qilish uchun uzoq muddatli, imtiyozli kreditlar ajratildi. Barcha profilaktika inspektorlari maxsus jihozlangan xizmat sumkalari va maxsus dasturlar o‘rnatilgan 1096 ta planshet va simkartalar bilan ta’minlandi.
Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha elektron ish yurituvni hamda ma’muriy ishlar bo‘yicha sud majlislarini “masofaviy” (onlayn) shaklda o‘tkazish uchun 210 ta markaziy tayanch punktiga optik tolali internet tarmog‘i ulandi.
Profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan o‘zaro tezkor muloqotni yo‘lga qo‘yish, profilaktika inspektorlari va faoliyatiga baho berish imkonini beruvchi «Smart mahalla» axborot dasturi amaliyotga joriy etildi.
Bu orqali mahalladagi muammolarni aniqlashda fuqarolarning faolligi oshirildi hamda muammolarni hal etish bo‘yicha tezkorlik bilan munosabat bildirish, hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning ta’biri bilan aytganda, profilaktika inspektori mahallasida ichki ishlar organlarining vakili emas, balki aholining ichki ishlar organlaridagi vakili sifatida xizmat olib borishi yo‘lga qo‘yildi.
Zamonaviy vosita va texnika yordamida xizmat qiladi
Ichki ishlar organlari, ayniqsa profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati hamda ekspert-kriminalistika bo‘linmalarini zamonaviy texnika, axborot kommunikatsiya tizimlari va maxsus vositalar bilan ta’minlanishiga katta ahamiyat qaratib kelinmoqda.
Jamoat xavfsizligini ta’minlashda “inson omili”ni istisno etgan holda ta’minlash uchun ichki ishlar organlari tizimi so‘nggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlanyapti.
Xususan, viloyat ichki ishlar boshqarmasida “Vaziyatlar markazi” tashkil etilib, 183 ta ob’yektga o‘rnatilgan 1 489 ta zamonaviy raqamli videokuzatuv moslamalari bilan integratsiya qilindi.
Samarqand shahrining geoinfarmatsion xaritasi yaratilib, 107 mingta ijtimoiy soha ob’yektlari va aholi yashash xonadonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritildi va "Vaziyatlar markazi"ga integratsiya qilindi.
Yo‘l-patrul xodimlari 314 ta “bodikamera”, 18 ta alkotester va 285 ta huquqbuzarlikni qayd etuvchi planshetlar bilan ta’minlandi.
Shuningdek, Samarqand shahri va Urgut tumani tergov bo‘limlarida maxsus xonalar tashkil qilinib, zamonaviy kuzatuv kameralari, stenografiya, audio-video qayd etish tizimlari bilan to‘liq jihozlandi.
Davlat dasturi ijrosi amalda
Ushbu yo‘nalishda berilgan vazifalar asosida voyaga yetmaganlar va yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni terrorizm, diniy ekstremizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish maqsadida voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha 130 ta inspektor-psixolog lavozimi tashkil etildi.
Shuningdek, uyushmagan va ishsiz yigit-qizlarni jamiyatga munosib inson sifatida tarbiyalash hamda ish bilan ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 118 nafar yoshlar ichki ishlar organlariga qabul qilindi.
Bundan tashqari, tizimda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha 29 nafar inspektor lavozimi joriy etildi. Ular har bir mahallada fuqarolar yig‘inlari raislarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan hamkorlikda opa-singillarimizning maslahatchisi, himoyachisi va ko‘makdoshiga aylanmoqda.
Hozirgi vaqtda Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasida kamida 3 ta xorijiy tilni biladigan, tarix, etnografiya va san’at sohasida chuqur ma’lumotga ega o‘g‘il-qizlarimiz xizmat vazifalarini ado etmoqda.
Xizmat uchun munosib sharoit
Tizimdagi islohotlar jarayonida xalqni rozi qilish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish – har bir xodimning kundalik faoliyatiga aylandi. Davlatimiz rahbari tomonidan ichki ishlar organlari oldiga mas’uliyatli vazifalar belgilab berish bilan birga, tizimda xodimlar uchun qulay xizmat sharoitlarini yaratib berishga katta e’tibor qaratildi.
Jumladan, 9 ta yangi ma’muriy bino qurilib, 13 tasi kapital ta’mirlandi. Bundan tashqari, ichki ishlar organlarini bevosita xalqqa yaqinlashtirish uchun yangi vazifalarni o‘z oldiga maqsad qilgan yangi 12 ta ichki ishlar bo‘lim va bo‘linmalari tashkil etildi.
Natijada IIBlari soni 15 tadan 27 taga ko‘paydi. Misol uchun, Samarqand shahri, Ishtixon, Oqdaryo, Past Darg‘om, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarida 1 tadan, Nurobod, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 2 tadan IIB tashkil qilindi.
Umuman, sohada shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish, ularning yashash va xizmat sharoitlarini yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, keyingi besh yilda 18 ta xizmat uylari qurilib, uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan va xizmatda alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarning oilalariga topshirildi. Bundan tashqari, 2018-2020 yillarda soha xodimlari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida 180 ta arzon kvartiralar ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 fevraldagi “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila-a’zolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 265 nafar xodimning 287 nafar farzandlariga ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun imtiyoz berildi.
Shaxsiy tarkibning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida ijarada yashab kelayotgan 115 nafar xodimga ijara pullari to‘lab berilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi O‘zbekiston davrida ichki ishlar organlarining moddiy-texnika bazasi yangilandi, xodimlarning xizmat sharoiti zamon talabiga mos ravishda shakllantirildi, oylik maosh yaxshilandi.
Fursatdan foydalanib, ofitserlar, serjant va safdorlar, tizim faxriylarini kasb bayrami hamda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 30 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Faxriddin Rahmatov,
viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik.