Ichki ishlar organlari va fuqaro munosabatlari

Bu haqda bilishimiz lozim bo‘lgan muhim jihatlar bor.

 Ichki ishlar xodimi fuqaro bilan muloqotida o‘zini tanishtirishi shart

Ichki ishlar xodimi fuqaroga murojaat qilganda o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, shundan so‘ng murojaat qilishining sababi va maqsadini ma’lum qilishi shart.

O‘z navbatida fuqarolarni qiynoqlarga solishi, ularga zo‘ravonlik qilishi, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish taqiqlanadi.

Fuqaroga uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qo‘llanilganda (masalan, ushlab turilganda, jarimaga tortilganda), bunday choralar qo‘llanilishining sababini hamda asoslarini, shuningdek fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirishi shart.

Shuningdek, fuqaro ichki ishlar xodimiga murojaat qilganida, xodim o‘z lavozimini, unvonini, familiyasini, ismini, otasining ismini aytishi, uni diqqat bilan eshitishi, tegishli chora ko‘rishi yoki masalani hal etish kimning vakolatiga kirishini tushuntirishi shart.

 Sud qarorisiz ushlab turish 48 soatdan oshmasligi lozim

Ichki ishlar organlari ayrim shaxslarni quyidagi holatlarda fuqarolarni 48 soatgacha ushlab turishi mumkin:

– jinoyat qilganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni;

– qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslarni;

– qidiruvdagi shaxslarni;

– o‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risida so‘rov kelib tushgan shaxslarni;

– ma’muriy qamoqni o‘tashdan, ma’muriy chiqarib yuborilishdan (deportdan) bo‘yin tovlayotgan shaxslarni;

– jinoiy jazoni o‘tashdan, o‘ziga sud tomonidan tayinlangan tibbiy va boshqa majburlov choralarini bajarishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni;

– aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni (keyinchalik ular yashash joyiga ega bo‘lmaganlarni reabilitatsiya qilish markazlariga sud ajrimiga asosan joylashtiriladi);

– favqulodda holat yoki favqulodda vaziyat rejimini buzgan shaxslarni;

– armiyaga borishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni;

– qo‘riqlanadigan ob’yektlarga noqonuniy kirgan yoki kirishga uringan shaxslarni;

– o‘zini o‘zi o‘ldirishga uringan yoxud ruhiy holatining yaqqol ifodalangan buzilishi belgilariga ega bo‘lgan hamda harakatlari bilan o‘zi va atrofdagilar uchun xavf tug‘dirayotgan shaxslarni.

Ushbu shaxslarni 48 soatdan ortiq ushlab turish uchun sud qarori bilangina amalga oshiriladi.

Ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan ya’ni erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan paytidan boshlab hisoblanadi.

Ushlab turilgan shaxs telefonda gaplashishi mumkin

Ushlab turilgan shaxs telefonda gaplashib yaqin qarindoshlari yoki advokatiga ushlab turilganligi va turgan joyi haqida xabar berish huquqiga ega.

Ushlab turilgan shaxslar, ularning yonidagi ashyolar va hujjatlar, shuningdek ularning transport vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin.

Voyaga yetmaganlar ushlab turilganda uning yaqin qarindoshlariga yoki boshqa qonuniy vakillariga ZUDLIK BILAN xabar berilishi kerak.

Ichki ishlar xodimi fuqarolarning transportidan ularning ruxsatisiz foydalanishi mumkin

Ichki ishlar xodimlari quyidagi maqsadlarda fuqarolarning yoki tashkilotlarning transportlaridan majburiy tartibda foydalanishi mumkin:

– tabiiy ofat yuz bergan joyga borish;

– shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiy muassasalarga olib borish;

– jinoyat sodir etgan shaxslarni ta’qib qilish va ichki ishlar organlariga olib kelish;

– hodisa joyiga yoki jangovar trevoga joyiga borish uchun.

Ushbu holatlarda haydovchilar ichki ishlar xodimi talabiga bo‘ysunishi shart va xodimdan uni identifikatsiyalovchi hujjatni talab qilishi kerak.

Mazkur hujjat asosida haydovchiga yetkazilgan zarar qoplab beriladi.

Ichki ishlar xodimlari tibbiy tez yordam, yong‘in uchirish, konvoy, inkassator, diplomatik, konsullik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlarga tegishli transportlardan majburiy foydalanishi mumkin emas.

 

Ichki ishlar xodimi jismoniy kuch ishlatishi mumkinmi?

Ha, mumkin, faqat cheklangan holatlarda.

Ichki ishlar xodimi kuch ishlatmasdan o‘z majburiyatlarini bajarilishini ta’minlay olmasa, quyidagi hollarda jismoniy kuch ishlatish, kurashning jang usullarini qo‘llash mumkin:

- jinoyatlarga va ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun;

- jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun;

- ichki ishlar xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun.

 Lekin ayrim shaxslarga nisbatan mutlaqo kuch ishlatish mumkin emas

Quyidagi shaxslarga kuch ishlatish mumkin emas:

– homiladorligi sezilib turgan ayollarga;

– nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga;

- yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga.

Agar mazkur shaxslar qurol bilan qarshilik ko‘rsatsa va bu fuqarolarning yoxud ichki ishlar xodimining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid etib, hujum qilsa, ularga ham kuch ishlatiladi.

***

Ushbu videolavha va maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.