Samarqand viloyatida 10,7 foiz abituriyent talabalikka qabul qilindi

Davlat test markazi Samarqand viloyat bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yilida viloyatda 137 271 nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 14 684 nafari, ya’ni atigi 10,7 foizi talabalikka qabul qilingan.

Tuman (shahar)lar kesimida olib qaralganda, eng ko‘p talaba o‘qishga kirgan hududlar:
1. Narpay tumani – 12,7 foiz.
2. Paxtachi tumani – 12,4 foiz.
3. Samarqand shahri – 12,2 foiz.

Narpay tumanidan 7769 nafar abituriyentdan 989 nafari, Paxtachi tumanidan 6658 nafar abituriyentdan 827 nafari, Samarqand shahridan 13 208 nafar abituriyentdan 1612 nafari talabalikka tavsiya etilgan.

Eng kam talaba o‘qishga kirgan hududlar:
1. Urgut tumani – 7,1 foiz.
2. Samarqand tumani – 8,3 foiz.
3. Toyloq va Jomboy tumanlari – 9,2 foizdan.

Urgut tumanidan 13 819 nafar abituriyentdan 983 nafari, Samarqand tumanidan 6393 nafar abituriyentdan 531 nafari, Tayloq tumanidan 7092 nafar abituriyentdan 653 nafari va Jomboy tumanidan 6600 nafar abituriyentdan 600 nafari talaba bo‘lgan.

Xurshida Ernazarova.