Samarqand xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi yana bir yirik tadbirga mezbonlik qiladi

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti Lyudger Shuknext bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning shu yilning yanvar oyida OIIB bosh qarorgohiga tashrifidan so‘ng sezilarli darajada faollashgan OIIB va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish dinamikasi qayd etildi.

Ma’lumot uchun: Tashrif yakunlari bo‘yicha 2024-2026 yillarda O‘zbekiston va OIIB o‘rtasida umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturi hamda OIIB Boshqaruv kengashining Yillik yig‘ilishini 2024 yil 25-26 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

Tomonlar loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturiga kiritilgan energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, sog‘liqni saqlash va suv ta’minoti sohalarida yangi tashabbuslarni birgalikda hayotga tatbiq qilish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

OIIB Boshqaruvchilar Kengashining 2024 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 9 yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari alohida muhokama qilindi. Turli mamlakatlarda roadshou va taqdimotlar tashkil etish, tadbirning tashkiliy va mazmuniga doir masalalari bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish rejalashtirildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, xususan, moliyaviy va texnik ko‘mak hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga o‘zaro tayyorlik bildirildi va muhokama qilingan loyihalar va tashabbuslarni o‘z vaqtida amalga oshirish doirasida kelgusida faol hamkorlik qilish yo‘llari ishlab chiqildi.