Samarqandda 10 iyundan bolalar oromgohlari o‘z faoliyatini boshlaydi
Oromgohlarning vaqtida ochilmagani hali tayyorgarlik ishlarining tugamagani bilan bog‘liq. Bu yilgi oromgohlarga 10 mingga yaqin bolalar qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Joriy yilda viloyatda 16 ta oromgoh bolalar uchun yoz mavsumini ko‘ngilli o‘tkazishga xizmat qiladi. Shulardan 12 tasi Respublika Prezidentining 2022 yil 19 noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati Kengashi tasarrufiga o‘tkazildi.
Bu haqda 2023 yilgi yozgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan hududiy seminarda ma’lum qilindi.
Bu yil bolalar oromgohlarining 90 foiz direktorlari almashdi, - dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati Kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – Yangi direktorlar attestatsiyadan o‘tkazilib, ishga olindi. Yangiliklardan biri bolalar oromgohlarida bu yil autsorsing yo‘lga qo‘yiladi. Viloyatda uch nafar tadbirkor tenderda g‘olib bo‘ldi, ular taomnoma asosida bolalarga ovqat pishirib beradi. Shuningdek, endi oromgohlar doimiy faoliyat olib boradi, avvalgidek mavsumiy ishlab, keyin qarovsiz qoldirilmaydi. Qarovsizlik oqibatida respublika bo‘yicha qancha oromgohlar yopilib ketdi. Bolalar oromgohlari birin-ketin qaytadan kapital ta’mirlanadi va qish mavsumida ham ishlashga moslashtiriladi. Bu yil har bir bolalar oromgohlariga sig‘imiga qarab 500-600 million so‘mlik krovat, choyshab, idish-tovoqlar olib kelindi.
Seminarda tegishli muassasa mas’ullari tomonidan bolalar oromgohlarida yaratilayotgan shart-sharoitlar, shuningdek, kamchiliklar ham tilga olindi.
Viloyatdagi 16 ta oromgoh va 66 ta sog‘lomlashtirish maydonchalarimizda jami 22 650 nafar bola qamrab olinadigan bo‘lsa, bu 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning atigi 3 foizini tashkil qiladi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ta’lim muassasalarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish sho‘’basi rahbari Akmal Olimov. – Endi oromgohlar soni ko‘paytirilsa, kelajakda bu ko‘rsatkich oshishiga umid qilamiz. Bu yil oromgohlarda tarbiyachi, yetakchi, kutubxonachi kabi 342 nafar pedagoglar xizmat qiladi. O‘n kunlik mavsum uchun reja ishlab chiqilgan bo‘lib, pedagoglar bolalarga milliy xalq o‘yinlari, ertaklar, harbiy vatanparvarlik, yo‘l harakati qoidalari, kitobxonlik singari har xil mashg‘ulotlar o‘tadi.
Bundan tashqari, oromgohlarga viloyatdagi mavjud teatrlar o‘z sahna ko‘rinishlari bilan bolajonlarning maroqli dam olishiga hissa qo‘shsa, sport ustalari sport o‘yinlari tashkil etadi.
Oromgohlarga tibbiyot xodimlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari biriktiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati Kengashi binosida 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan. Navbatchilik kunu tun oromgohlardagi muammolarni hal etishga xizmat qiladi.
Seminarda yangi direktorlarning vijdonan ishlashi, har bir soha xodimi mas’uliyatni his etishi, bolalarning oromgohlarga xavfsiz kelib ketishi kabi masalalar ham muhokama etildi.
Xurshida ERNAZAROVA.