Samarqandda 1700 dan ziyod haydovchi litsenziyasiz shug‘ullangan
Samarqand viloyat transport boshqarmasi inspektorlari tomonidan joriy yilning birinchi yarmida tashkil etilgan qo‘shma reyd tadbirlari davomida 1722 holatda avtomobil trasportida yo‘lovchi tashish va yuk tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish holatlari aniqlandi.
Mazkur huquqbuzarliklar bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik kodeksining tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 1681 holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun ma’muriy sudlarga yuborildi. Sudlar tomonidan qoidabuzarlarga qarshi 1 milliard 361 million so‘m jarima jazolari tayinlanib, jarimalar to‘liq undirildi.
Shuningdek, yo‘lovchi tashuvchi korxonalar tomonidan 185 ta holatda faoliyat hududi qoidalarini buzganligi, 222 holatda Vazirlar Mahkamasining «Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori talablariga zid ravishda tender guvohnomasi, yo‘nalish sxemasi mavjud emasligi, belgilangan tarifdan yuqori narxda xizmat ko‘rsatayotgani aniqlandi. Mazkur litsenziya talablari va shartlari buzilgan holatlar bo‘yicha 12 korxonaning yo‘lovchi tashish huquqini beruvchi litsenziyasi, 47 korxonaning 58 ta litsenziyasi varaqalarining amal qilishini 10 ish kuniga to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Jumladan, «Aziz Galabotir», «Shaxzod Zebo», «Burgut avtoservis», «Rahmonqul Xodjaqul trans», «Bektemir Omad toler», «Anvar Galabotir trans servis», «Shaxruz trans», «Amirxon trans», «Arxideya motors» mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga tegishli yo‘lovchilarni shahar atrofida yengil avtomobillarda tashish huquqiini beruvchi litsenziya varaqasi, aholini mikroavtobus va avtobuslarda tashish huquqini beruvchi bosh litsenziyalarining amal qilish muddati o‘n kunga to‘xtatildi.
Eldor MAVLONOV,
viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati xodimi.