Samarqandda 28 ming nafar maktab o‘qituvchisi grippga qarshi emlandi
Sog‘liqni saqlash hamda Xalq ta’limi vazirliklarining 2020 yil 2 oktyabrdagi “Umumta’lim muassasalarida gripp va o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, umumta’lim muassasalari o‘qituvchi hamda xodimlarini grippga qarshi emlash ishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga asosan Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim muassasalari o‘qituvchi va xodimlari gripp va o‘tkir respirator infeksiyalarga qarshi emlanmoqda.
Grippga qarshi emlash ishlarini tashkil etish uchun ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi zvenosi tomonidan emlash punktlari talab darajasida tayyorlandi, zarur bo‘lgan tibbiyot buyumlari va birinchi yordam ko‘rsatish uchun dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Tibbiyot xonasi mavjud bo‘lmagan maktablarda grippga qarshi emlash ishlarini tashkil etish uchun alohida xonalar ajratildi.
— Qo‘shma qaror ijrosini ta’minlash maqsadida ayni paytga qadar maktablarimizning 28 ming nafar pedagog xodimlari grippga qarshi emlandi, — deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish va tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtirish sho‘’basi mudiri Murodilla Yakubov. — Mazkur jarayonda birinchi navbatda, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari emlanmoqda. Undan so‘ng albatta, katta sinf o‘qituvchilarini ham grippga qarshi emlash davom etadi. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan barcha ishlar kunlik monitoring qilib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda viloyat xalq ta’limi tizimida 56 526 nafar pedagog va murabbiylar mehnat qilmoqda.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.