Samarqandda 33 tonnaga yaqin qurilish materiallari eksport qilindi
Qurilish sanoati iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish borasida katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan sohalardan biri.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor majlisida ta’kidlaganidek, qurilish sanoati koronavirus pandemiyasi ta’sirini yumshatish, aholi bandligini ta’minlash va iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish borasida katta imkoniyatlarga ega bo‘lgan “drayver” sohalardan biri hisoblanadi.
Shunday ekan, qurilish sohasining bugungi kundagi tendensiyalari, uning O‘zbekiston iqtisodiyotida tutgan o‘rni, pandemiya sharoitida sohani qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilinayotgan me’yoriy xujjatlarning o‘rni katta ahamiyatga ega.
Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 19 mayda “Hududlarda ko‘p qavatli binolar qurish ishlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq, bir qator qurilish materiallari, mashina va mexanizmlari bojxona to‘lovlaridan ozod etildi.
Samarqand viloyatida bugungi kunda ham qurilish va bunyodkorlik ishlari izchil javom etmoqda.
Viloyatda faoliyat olib boruvchi bir qator korxonalar tomonidan joriy yilning 5 oyi davomida vazni 33 tonnaga yaqin, qiymati 14 million 393 ming AQSh dollari bo‘lgan qurilish materiallari, ya’ni gips, ohak, shpatlyovka mahsulotlari eksport qilindi.
Eksport operatsiyalarining asosiy ulushi temir yo‘l orqali amalga oshirilmoqda.
Ushbu eksport operatsiyalari o‘z o‘rnida “Ulug‘bek” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tomonidan viloyatda mavjud 13 ta temir yo‘l bekatlari orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan va chiqib ketayotgan hamda tranzit harakatlanayotgan tovarlar kesimida bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda hamda onlayn tartibda rasmiylashtirilmoqda.
Mahsulotlarning aksariyat qismi MDH davlatlariga hamda qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.