Samarqandning yangi, yuqori sifatga ega qurilish materiallari xalqaro ko‘rgazmaga qo‘yildi
Jomboy tumanidagi “SOF EXPO SAMARKAND” majmuasida “Qurilish texnikalari, texnologiyalari va materiallari sanoat yarmarkasi - “Build Pro Expo 2022” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Unda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan qurilish korxonalari rahbar va mutaxassislari, qurilish ishlariga buyurtmachi tashkilotlar vakillari, sohada izlanish olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilar hamda mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etmoqda.
- O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallariga bo‘lgan talab yildan-yilga ortmoqda, - deydi “Saturn stainless” mas’uliyati cheklangan jamiyati marketing bo‘limi boshlig‘i Nodir Tursunov. – Xususan, biz tayyorlayotgan raqobatbardosh temir va zanglamas metall mahsulotlariga ham xaridorlar talay. Ayni paytda korxonamizda 70 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qilmoqda. 2020 yilda 9 milliard so‘mlik, 2021 yilda esa 14 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqardik. Asosiy xomashyo Xitoy va Turkiyadan keltiramiz. Mazkur ko‘rgazmada o‘zimizning 40 dan ortiq turdagi tibbiyot, sanoat mahsulotlari, oshxona, santexnika jihozlari bilan qatnashyapmiz. Yakunda yurtimizdagi bir qator qurilish tashkilotlari bilan tayyor mahsulot yetkazib berish yuzasidan 500 million so‘mdan ortiq shartnomalar imzolashni ko‘zlab turibmiz.
Ko‘rgazmada 100 ga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 500 dan ziyod mahsulot taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar qurilish texnikalari, konstruksiyalar, qurilish materiallari, landshaft va ko‘kalamlashtirish, arxitektura va dizayn, qurilish sohasidagi ilmiy ishlanmalar va startaplar bilan tanishmoqda.
Ko‘rgazmada qurilish sohasiga xizmat ko‘rsatadigan o‘quv kurslar, bank va lizing muassasalari xodimlari ham ishtirok etib, ishlab chiqaruvchi va qurilish sohasiga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha shartnomalar tuzdi.
Yarmarka ertaga o‘z ishini davom ettiradi.
Baxtiyor Mustanov.