Buzilgan binodan chiqqan qurilish materiallarini sotib, ko‘rilgan daromaddan soliq to‘lanadimi?
- Bir yil muqaddam korxonaning buzilgan binosidan chiqqan qurilish materiallarini xarid qilgandim. Uning muayyan qismidan foydalandim, ehtiyojimdan ortganini esa sotib yubordim. Men olgan daromadimdan soliq to‘laymanmi?
Xurshid Xalilov,
tadbirkor.
- Soliq kodeksining 375-moddasi 1-qismi, 4-bandida soliq to‘lovchiga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar mulkiy daromadlar tarkibiga kirishi, mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar mazkur mol-mulkni realizatsiya qilish summasining hujjatlar bilan tasdiqlangan uni olish qiymatidan oshgan qismi sifatida aniqlanishi, mazkur qiymatni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mol-mulkni realizatsiya qilish qiymati, ko‘chmas mulk bo‘yicha esa – kadastr qiymati hamda realizatsiya qilish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq daromad, deb e’tirof etilishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur kodeksning 378-moddasi 1-qismi, 7-bandida soliq to‘lovchilarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadga soliq solinmasligi belgilangan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, qimmatli qog‘ozlarni (bundan fond birjasida realizatsiya qilinadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar mustasno), yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (paylarini), noturar joylarni, o‘ttiz olti kalendar oydan kam muddatda soliq to‘lovchining mulkida bo‘lgan turar joylarni sotishdan olingan daromadlar bundan mustasno.
Yuqorida qayd etilgan xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromad bo‘yicha soliq majburiyati yuzaga kelmaydi.
Savolga viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi Valisher Temirov javob berdi.