Samarqandda 404 ming nafar bola qizamiq va qizilchaga qarshi emlanadi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qizamiq va qizilcha kasalligi bo‘yicha epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Kasallikka chalinganlarlarning 80 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qilmoqda.
Bugungi kunda ayrim davlatlarda, jumladan, bizga qo‘shni mamlakatlarda ham qizamiq bo‘yicha noxush va murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgan. Shu bois yurtimizda mazkur kasallik chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida keng tarqalishining oldini olish maqsadida ommaviy emlash tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, ayni paytda viloyatda qizamiq va qizilcha kasalligiga qarshi ommaviy emlash ishlari davom etmoqda. Buning uchun 600 nafarga yaqin tibbiy xodimlar “Xavfsiz immunizatsiya” dasturi bo‘yicha o‘qitildi va ular ham o‘z hududlarida ommaviy emlash jarayonida qatnashadigan tibbiy xodimlarga tajribasini o‘rgatdi. Shu tarzda hozirda viloyat bo‘yicha 1700 nafar tibbiyot xodimi qizamiq va qizilchaga qarshi emlashda qatnashmoqda.
- Ommaviy milliy emlash kunlarini o‘tkazish maqsadida boshqarmamiz qoshida shtab tashkil etilib, malakali mutaxassislar biriktirildi, – deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi immunoprofilaktika bo‘limi mudiri Shoira Xalilova. – Viloyat bo‘yicha bitta markaziy, 16 ta hududiy tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalari va emlash punktlari tashkil etildi. Buyurtma asosida respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatidan 426 ming doza qizamiq va qizilcha vaksinasi olindi. Ushbu vaksina sovuqlik zanjiri qoidalariga rioya qilingan holda 384 ta emlash punktiga yetkazib berildi. Ommaviy emlash uchun 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan 404 ming nafar bola ro‘yxati shakllantirilgan va 23 noyabr holatida 200 ming 980 nafar bola emlandi. Vaksina bepul bo‘lib, barcha ota-onalar o‘zi yashaydigan hududdagi yaqin emlash punktiga murojaat qilib, farzandini emlatishi mumkin.
Ta’kidlash lozimki, o‘tgan asrning 90-yillari boshida mamlakatimizda aholi olti turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali emlangan bo‘lsa, bugungi kunda amaldagi emlash kalendariga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash yo‘lga qo‘yilgan.