Samarqandda 5,7 ming nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar ishga joylashtirildi

2020 yilning birinchi yarim yillik yakunida viloyatda mehnatga layoqatli aholi soni (mehnat resurslari) – 2132,4 ming kishini tashkil etib, shundan 74,9 foizi yoki 1598,1 ming kishi iqtisodiy faol aholi hisoblanadi.

Iqtisodiyotning rasmiy sektorda band aholi soni 2019 yilga nisbatan 0,9 foizga ko‘payib, 512,3 ming kishini tashkil qilgan bo‘lsa, norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni (mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) 869,1 ming kishini tashkil etdi.

Iqtisodiy faol aholining 13.6 foizi yoki 216.6 mingga yaqin fuqaro ish o‘rinlariga muhtoj. Ishsizlik darajasi ayollar o‘rtasida 17,3 foizni va yoshlar o‘rtasida 20,1 foizni tashkil qilmoqda.

Bu yildan barcha mehnat organlarida jismoniy va yuridik shaxslarga “Yagona oyna” tamoyili asosida xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy qilindi.

Buning natijasida 2020 yil 8 oyida mehnat organlari tomonidan 50,2 ming fuqaroga (shundan, 21,7 ming xotin-qizlar, 18,4 ming yoshlar) bandlik sohasidagi xizmatlar ko‘rsatildi.

Xususan, 16,4 ming nafar ishsiz fuqarolar doimiy ish joylariga ishga joylashtirildi, 1,6 ming nafar fuqarolar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitildi. 3,4 ming nafar ishsizlarga ishsizlik nafaqasi tayinlanib, ijtimoiy muhofazaga olindi. 1,4 mingga yaqin fuqarolarga mehnat bandlik masalalari bo‘yicha huquqiy maslahat xizmatlari ko‘rsatildi.

Mahalliy hokimliklar qarorlari asosida 2020 yilda 11,0 mingdan ortiq ish o‘rinlari band qilingan bo‘lsa, ushbu ish o‘rinlariga 5,7 ming nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar ishga joylashtirildi.