Samarqandda 6 oyda 42 ta bolalar bog‘chasi ishga tushdi

Viloyatimizda joriy yilda yangidan 42 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi. Ulardan 7 tasi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lsa, 8 ta davlat xususiy sheriklik asosidagi va 27 ta oilaviy nodavlat bog‘chalardir.
Ushbu yangi ochilgan bolalar bog‘chalari hisobiga yana qo‘shimcha 11 ming 761 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Yangidan ishga tushgan davlat bog‘chalari Ishtixon tumanida 150 o‘rinli 36-son va 120 o‘rinli 30-son, Kattaqo‘rg‘on tumanida 60 o‘rindan 69- va 70-son, Qo‘shrabot tumanida 90 o‘rinli 34-son, Narpay tumanida 90 o‘rinli 24-son hamda Paxtachi tumanida 120 o‘rinli 17-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. -
Shuningdek, bog‘cha yoshidagi bolalar qamrovi darajasi past bo‘lgan olis va chekka Bulung‘ur tumani Bulung‘urariq mahallasida, “Changal-1” mahallasida, Kattaqo‘rg‘on tumani Andoqsoy mahallasida hamda Sebuston mahallasida jami 10 ta guruhlarda “Aqlvoy” loyihasi doirasida “Bolalarga zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan "ISUZU" avtobusida mobil guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va 174 nafar bog‘cha yoshidagi bolalar qamrab olingan.
Bundan tashqari, viloyatda bugungi kunda faoliyat yuritib turgan 730 ta maktabgacha ta’lim tashkilotining mavjud bo‘sh guruhlarini to‘ldirish hisobiga 6 ming 225 nafar bola qamrab olingan.