Samarqandda 7 holatda byudjetning 2,5 milliard so‘m mablag‘i qoidaga zid ravishda sarflangan

Xatoliklarni takrorlamaslik bo‘yicha barcha tuman, shahar xokimliklari ogohlantirilgan.  Biroq deputatlar bu xato yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan va yo‘l qo‘yganlar qonun doirasida jazolanishini talab qildi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma to‘qqizinchi sessiyasida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov aytib o‘tgan.

Xususan:

- Narpay tumani hokimining tegishli farmoyishlari asosida tuman byudjetidan moliyalashtirilmaydigan va byudjetda saqlanmaydigan tashkilotlar uchun 3 holatda jami 450,0 million so‘m (tuman DXX va “Paxtakor ovozi” gazetasi tahririyati binolarini ta’mirlash ishlari uchun) tuman byudjeti daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan mablag‘lar yo‘naltirilgan;

- Payariq tumani byudjetining erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan tuman davlat soliq inspeksiyasi binosini joriy ta’mirlash ishlari uchun 300,0 million so‘m mablag‘ ajratilgan;

- xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining tegishli qarorlariga asosan viloyat byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan viloyat davlat soliq boshqarmasiga “Android” platformada ishlashga moslashtirilgan maxsus qurilmalar sotib olish uchun 787,5 million so‘m va avtotranport vositasini xarid qilish uchun 134,7 million so‘m ajratilgan.

Bunda, aholiga qulaylik yaratish hamda soliq sohasidagi korrupsion xavflarni bartaraf etish maqsadida “Soliqlarni aqlli yig‘ish tizimi” dasturi Davlat soliq qo‘mitasining murojaatiga asosan, mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan;

- Bulung‘ur va Narpay tumanlarida ushbu tumanlar mahalliy byudjeti ko‘shimcha manbalaridan 2 ta “TRAILBLAZER” rusumli avtomobil xarid qilingan.