Samarqandda 9 ta uy hujjatsiz qurilayotgan ekan
Xalq deputatlari viloyat Kengashi 81-sessiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili 111 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlanib, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 9 ta uy shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan qurilayotganligi aniqlangan.
Xususan, Samarqand shahar, Al-Xorazmiy ko‘chasi 51 va 51V-manzillarda noqonuniy qurilayotgan 48 ta xonadondan iborat 6 qavatli uy-joylar qurilishini to‘xtatishi to‘g‘risida shahar qurilish bo‘limi hamda viloyat qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan ogohlantiruv xati va yozma ko‘rsatmalar berilgan.
Qurilishi korxonasi rahbarlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishiga qaramasdan, qurilishni tamomlab, xonadonlarni fuqarolarga sotishi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.
Holat yuzasidan korxona mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilib, juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.