Samarqandda bir nechta lokal qozonxonalar quriladi

“Garchi ko‘p o‘zgarishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, ko‘p qavatli uylarda va kommunal sohada yechimini kutayotgan muammolar ham hali anchagina”, deydi mutaxassis. “Masalan, sovuq suv va issiqlik energiyasidan foydalanish, ko‘p qavatli uylarning yaqin atroflarida sanitariya normalari, gigiyena talablariga to‘liq javob bermaslik holatlari ko‘p uchraydi. Shuningdek, aholi sifatli ichimlik suvi va markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti bilan yetarli darajada ta’minlanmayapti. Kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarida ham kamchiliklar oz emas. Bu kabi muammolarni bartaraf etish, kommunal sohani rivojlantirish uchun tinmay mehnat qilish, izlanish kerak.

Aytaylik, o‘rganishlarimiz jarayonida ayrim xonadon egalari tomonidan ko‘p qavatli uyning ichki va tashqi holatlariga, isitish, aloqa va boshqa tizimlarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgani ma’lum bo‘lmoqda. Jumladan, binoning yuk ko‘taruvchi devorlaridan eshiklar ochish, xonalarni kengaytirish, vertikal ventilyasiya shaxtalarni berkitish, isitish tizimlari o‘rnini almashtirish kabi holatlar ko‘p uchrayapti. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarda issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya va suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ham tez-tez ko‘zga tashlanadi.

Bu kabi muammolarni bartaraf etish uchun 50 million dollar ajratildi. Shundan kelib chiqib, Samarqand shahrida bir nechta lokal qozonxonalar qurilishi mo‘ljallanyapti. Ularning manzili esa issiqlik tizimi yo‘qligidan eng ko‘p aziyat chekkan joylarga qaratiladi. Kadrlar masalasida esa boshqacharoq usullardan ham foydalanishga qaror qildik. Chunki uy-joy mulkdorlari shirkatlari raislari, bilasiz, soha mutaxassislari emas, ularni bu muammoni qo‘llanma va yoki bir-ikki seminar bilan hal etib bo‘lmaydi. Shu sababdan bir qator uy-joy mulkdorlari shirkatlari raislari Toshkentdagi eng yaxshi shirkatlar tajribasini o‘rganib qaytmoqda. Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi, deyishadi-ku”.

Rustam SATTOROV bilan suhbatning to‘liq matnini “Zarafshon” gazetasining 75-sonida o‘qing!