"Tuzalmas dard chekinayapti"

«Ishga endi kelgan yillarimni xotirlayman, ahvol juda ayanchli edi. Koridordan, palatalardan taralayotgan qon hidiga chidab bo‘lmasdi. Har kuni o‘lim holati, shifokor mutaxassis kam. Borlari ham bu sharoitda ishlashga ko‘nikolmaydi...»

Yaqindagina mamlakatimiz rahbari Farmoniga ko‘ra, II darajali Salomatlik ordeniga sazovor bo‘lgan Zokir Sa’diyev bilan suhbatimiz shifokorning bu dargohga ishga kelgan yillaridan boshlandi.

- Bu yil ushbu dargohda ishlaganimga roppa rosa 30 yil to‘ldi, - deya gapirib beradi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi gematologiya bo‘limi mudiri Zokir Sa’diyev. – Gematologiya bo‘limida ahvol juda ayanchli edi o‘sha paytlar. Oq qon bilan og‘rigan bemorlarga quyilayotgan qon plazmasining sifati yaxshimas, har kuni o‘lim holati kuzatilardi. Shifokor sanoqli, bemor ko‘p, davolashning samaradorlik ko‘rsatkichi juda past. Bunday sharoitda ishlash kishiga ma’nan og‘riq beradi, ishingdan ko‘ngling to‘lmaydi, lekin o‘zgarish bo‘lishga ishonching, umiding so‘nmaydi. O‘sha yillari ustozimiz Ilyas Bogdanov hamkorligida qator izlanishlar olib bordik. U kishining tashabbusi bilan ilk bor yangi davolash usuli – BFM joriy etildi va yaxshi samara bera boshladi. Yillar o‘tgani sayin davolanish yanada takomillashdi, sog‘ayayotgan bolajonlar soni ko‘paydi.

Ayniqsa, keyingi yillarda ularni dori-darmon bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilib, to‘liq ta’minot amalga oshirilayapti. Bugun 70 foiz bolalar uzoq muddatli remissiyaga chiqayapti. Ya’ni, ikki yil to‘liq, rejali asosda muolaja olgach, uch yil yana shifokor nazoratida bo‘ladi va shundan keyin ular to‘la nazoratdan chiqariladi. Bu degani ular to‘la sog‘ayib ketishi va qayta kasallanmasligiga ishonch bor. Afsuski, ba’zida bemor bolalarning ota-onalari tashxisni eshitgach, qo‘rqib ketishadi. «Yo‘q, meni bolam oqqon kasaliga chalinmagan», deya tabiblarga borishadi. Afsuski, bolani ahvolini og‘irlashtirib kelganlaram ko‘p.

Yaqin yillarda ushbu markazda biz orzu qilgan yana bir muhim muolaja – ilik ko‘chirish operatsiyasi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Yaxshi bilasiz, bemor bolalar bu yerda uzoq muddat davolangani sababli darslarni o‘zlashtirmay qolardi. Yaqinda shu bo‘limning o‘zida “Mehrli maktab” ochildi. 

Tibbiyotdagi o‘zgarishlar har oyda ko‘zga tashlanyapti. Mamlakatimiz rahbari bu masalaga eng dolzarb vazifa sifatida e’tibor qaratayotgani quyi tizimlarda yaqqol sezilayapti. Mustaqillik bayramining 33 yillik tabrigida ham bu soha alohida tilga oldilar. “Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tiborni beshta ustuvor yo‘nalishga qaratmoqdamiz. Bular, avvalo, sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlashdan iborat”.

Shifokor uchun bemorning tuzalib, ko‘zlari chaqnab ketishidan ortiqroq sharaf yo‘q. Shu masalada bugun davlatimiz tomonidan yirik ko‘lamdagi ishlarning olib borilayotgani salomatlik posbonlariga e’tibor hamdir.

Gulruh MO‘MINOVA.