Amerikalik olimlar qarishni tezlashtiradigan va saratonga olib keladigan oziq-ovqat haqida ma’lum qilishdi

Qayta ishlangan oziq-ovqatlar organizmning qarishini tezlashtirishi va yo‘g‘on ichak saratonini keltirib chiqarishi mumkin, deb xabar berdi Pronews.gr Mayami universiteti olimlari tadqiqotiga tayanib.

Eng katta xavf kolbasa va dudlangan go‘shtlarni iste’mol qilish bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.

Shu bilan birga, yo‘g‘on ichak saratoni erta rivojlanish xavfini oshiradigan ba’zi omillar biologik qarishni ham tezlashtiradi. Masalan bunga noto‘g‘ri ovqatlanish, jumladan, qayta ishlangan oziq-ovqatlarga boy parhezlar, semirib ketish, chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish va boshqa odatlar kiradi.

Nashrning qayd etishicha, kasallikning rivojlanish omillaridan biri stress va atrof-muhitning ifloslanishidir. Manbaning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi paytlarda 50 yoshgacha bo‘lgan odamlarda yo‘g‘on ichak saratoni bilan kasallanish holatlari ko‘paymoqda. Nashrning xabar berishicha, so‘nggi o‘ttiz yil ichida yoshlar orasida kasallanish soni qariyb 50 foizga oshgan.