Samarqandda chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha imtihonlar o‘tkazilmoqda

Kecha Samarqand shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish” bo‘yicha mart oyida bo‘lib o‘tadigan baholash imtihonining dastlabki bosqichi (“Tinglab tushunish”, “O‘qish”, “Leksik va grammatik kompetensiyalar”, “Yozma ish”) bo‘lib o‘tdi.

Test sinovlarida jami 39 nafar talabgorning 36 nafari ishtirok etdi.

Test sinovlari sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda IIB xodimlari, Milliy gvardiya, SEOM xodimlari ishtirokida tashkil qilindi.

Bugun imtihonning ikkinchi bosqichi, ya’ni gapirish ko‘nikmasini baholash imtihoni bo‘lmoqda. Imtihon SamDU jismoniy madaniyat fakulteti binosida 27 martgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risida Nizomni tasdiqlash haqida”gi 352-son qaroriga muvofiq, mazkur imtihonlarning har ikkala bosqichi natijalari bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 60 foizi va undan yuqori ball to‘plagan talabgorlarga namunadagi sertifikat taqdim etiladi. Sertifikat egalariga kirish test sinovlarida chet tili fanidan maksimal ball beriladi.

Talabgorlar test joyi, kuni va vaqtini Davlat test markazining interaktiv xizmatlar portali (my.dtm.uz sayti) orqali shaxsiy kabinetidan bilib olishlari mumkin.

Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi axborot xizmati.