Samarqandda eng ko‘p hujjat tibbiyot texnikumi va kollejiga topshirildi
Viloyatdagi 15 (shundan 11 tasi pedagogika, 2 ta tibbiyot, 1 ta qurilish va 1 ta transport) idoraviy kollejlarda kollej.edu.uz platformasi orqali 7201 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Kollejlarning 2020-2021 o‘quv yilidagi qabul rejasi 5385 tani (shundan 645 nafari grant, 4740 nafari to‘lov-kontrakt asosida) tashkil etadi. Belgilangan rejaga nisbatan abituriyentlar tomonidan hujjat topshirish 134 foizga yetdi. Kollejlarda o‘qish davomiyligi kasb va mutaxassisliklar murakkabligidan kelib chiqib 2 yilgacha belgilangan.
Bu yil viloyatimizda 22 texnikum faoliyat boshladi. Ularga kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega, ya’ni maktabning 11-sinfini tamomlagan shaxslar 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi shakllarda, davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Texnikumlarga texnikum.edu.uz platformasi orqali 16289 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Texnikumlarning qabul rejasi 9290 (shundan 1321 tasi grant, 7969 tasi kontrakt) ta bo‘lib, belgilangan rejaga nisbatan abituriyentlar tomonidan hujjat topshirish 175 foizni tashkil etdi.
Viloyatda eng ko‘p hujjat topshirgan texnikum Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi (sobiq Samarqand tayanch tibbiyot kolleji) bo‘lib, 2504 nafar abituriyent shu maskanni tanlagan. Texnikumga 600 nafar talaba qabul qilinadi. Ularning 24 nafari grant, 576 nafari kontrakt asosida o‘qiydi.
Shuningdek, 480 nafar talaba 40 nafari grant, 440 nafari kontrakt asosida qabul qilinadigan So‘zangaron tibbiyot kollejiga 1472 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Eng kam hujjat topshirilgan texnikumlar soni 6 ta bo‘lib, Samarqand axborot texnologiyalari texnikumiga 308 nafar (qabul rejasi 360 nafar), Jomboy raqamli texnologiyalar texnikumiga 255 nafar (qabul rejasi 325 nafar), Gulobod agrobiotexnologiya texnikumiga 230 nafar (qabul rejasi 390 nafar), Narpay xizmat ko‘rsatish texnikumiga 224 nafar (qabul rejasi 330 nafar), Samarqand avtomobilsozlik texnikumiga 166 nafar (qabul rejasi 360 nafar), Samarqand veterinariya meditsinasi texnikumiga 509 nafar (qabul rejasi 720 nafar)ni tashkil etdi.
Eng kam hujjat topshirilgan kollejlar esa 2 ta - Samarqand qurilish kollejiga 183 nafar (qabul rejasi 420 nafar), Samarqand transport kollejiga 74 nafar (qabul rejasi 210 nafar) yoshlar o‘qish istagini bildirgan.
Kollej va texnikumlarga imtihon kunlari haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Otajon NOROV,
viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va
muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi
bosh mutaxassisi.