Samarqandda «Hizb ut-Tahrir» terrorchilik tashkilotining 15 nafar a’zosi qo‘lga olindi
Bugun, 18 sentyabr kuni DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan “Xizb ut-Taxrir” diniy-ekstremistik tashkilotining Toyloq, Samarqand, Urgut tumanlari va Samarqand shahrida yashovchi 15 nafar a’zolarining faoliyatiga chek qo‘yildi.
Qo‘lga olingan shaxslarning yashash manzillaridan ekstremistik mazmundagi materiallar protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot tariqasida aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qaroriga asosan “Xizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.