Samarqandda Ichki ishlar vaziri ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi
Tadbirda 27 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni barpo etish hamda jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlashga qaratilgan namunaviy amaliyotni joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi.
Ichki ishlar vaziri A.Toshpo‘latov, viloyat hokimi A.Boboyev davlatimiz rahbari tomonidan Toshkent shahri misolida xavfsiz muhitni shakllantirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan belgilab berilgan vazifalar Samarqand viloyati uchun ham xosligini qayd etib, bu borada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi. Tuman va shaharlarda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, Samarqand shahrida jinoyatchilik darajasining oshgani keskin tanqid ostiga olindi. Shu bilan birga, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda yashirin iqtisodiyotni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda joriy yilda viloyatda xavfsiz hududlarni shakllantirishga qaratilgan aniq va maqsadli chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, viloyat hududidagi 1063 mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha kompleks ishlar olib borish, ijtimoiy profilaktika doirasida “xonadonma-xonadon” ishlashning namunaviy mexanizmini joriy etish rejalashtirildi.
Narkojinoyatchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish borasida mas’ul idoralar bilan hamkorlikda tizimli choralar ko‘rish, tuman va shaharlarda, xususan, uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Samarqand tajribasi”ni joriy etish vazifalari belgilandi.
Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida hududlarda qo‘shimcha zamonaviy videokuzatuv vositalarini o‘rnatish va ularni viloyat ichki ishlar boshqarmasining “Yagona tezkor boshqaruv markazi”ga bosqichma-bosqich ulash, shuningdek, ko‘ngilochar maskanlar, 24 soat faoliyat yurituvchi gastronomik ko‘chalar, savdo markazlari hamda ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarda jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha kompleks choralar belgilab olindi.