Samarqandda ikki soatda saylovchilarning 21 foizi ovoz berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Brifingda qayd etilishicha, 7-Samarqand saylov okrugi hududi, ya’ni Samarqand viloyatidagi 1111 ta saylov uchastkalarining barchasida bugun ertalab, soat 8.00 da ovoz berish jarayonlari boshlandi.

Saylovchilarning elektron ro‘yxati asosidagi oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, okrug bo‘yicha saylovchilarning umumiy soni 2 million 194 ming 392 nafarni, jumladan, birinchi marta saylovda qatnashuvchi yoshlar 151 ming 676 nafarni tashkil etmoqda.

Bugun soat 10.00 holatida okrug bo‘yicha 471 ming 668 nafar saylovchi, yoki okrug bo‘yicha saylovchilar umumiy sonining 21 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.

Saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini belgilangan tartibda mandat berilgan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalari xodimlari kuzatib bormoqda.

Okrug bo‘yicha 16 ta, har bir tuman, shahardan bittadan saylov uchastkasidagi jarayonlar onlayn video-translyasiya qilinmoqda.