Samarqandda Indoneziya mahallasi ish boshladi
Adiz Boboyev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining Indoneziyaga tashrifi davomida "EGI Resources" kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumidan kelib chiqib, Imom Buxoriy majmuasi yaqinida yangi turizm ob’yekti – “Kampung Indonesia” (Indoneziya mahallasi) o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur loyiha indoneziyalik tashrif buyuruvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda milliy an’analarga mos xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Kompleks tarkibida zamonaviy va qulay mehmonxona, shuningdek, Indoneziya milliy taomlarini taklif etuvchi restoran faoliyat yuritadi. Bu esa mehmonlarga o‘z yurtidagi muhitni his etgan holda Samarqand ziyoratini amalga oshirish imkonini beradi.
“Kampung Indonesia” konsepsiyasi doirasida nafaqat yashash va ovqatlanish, balki madaniy muhitni yaratish ham ustuvor vazifa etib belgilangan. Interer va servisda Indoneziya milliy uslubi aks ettirilgan bo‘lib, bu mehmonlarda o‘ziga xos iliqlik va yaqinlik hissini uyg‘otadi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi turizm aloqalarini mustahkamlash, ayniqsa, ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu kabi tashabbuslar Samarqandni musulmonlar uchun yanada jozibador maskan sifatida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.