Samarqandda «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusiga bag‘ishlangan Global forum bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMTning Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasidagi tashabbuslariga binoan, 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida BMT shafeligida gibrid formatda «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum bo‘lib o‘tadi.

Forumning asosiy maqsadi BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilish, bu sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimotini tashkil etish, xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi 51/2 rezolyusiyasiga muvofiq, Global forum doirasida 2030 yilgacha kun tartibi hamda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya bo‘yicha boshqa tegishli tashabbuslar bilan uyg‘unlashuvni hisobga olgan holda, Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi uchun maqsadli sektorlar, asosiy sohalar va mavzuli masalalar yuzasidan takliflar muhokama qilinadi.

Global forum xalqaro ekspertlar, mutaxassislar, davlat organlari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar ishtirokida ochilish, yopilish marosimi, yalpi va parallel sessiyalarni o‘z ichiga oladi.

Yalpi va parallel sessiyalar davomida moderatorlar maqsadli munozaralar tashkil etish, tinglovchilarni faol jalb qilish, iloji boricha ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, muhokama qilinadigan turli mavzularga oid tegishli savollar bilan muhokamalarni tashkil etishda katta rol o‘ynaydi.

Munozaralar davomida barcha darajalarda, jumladan, ilg‘or tajribalar va olingan saboqlar, shuningdek, mavjud materiallar, muassasalar va dasturlar haqida ma’lumotni aniqlashtirish, to‘plash va tarqatish orqali ma’lumot almashish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Global forumda xalqaro, mintaqaviy va milliy miqyosda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi va 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibining 4.7-vazifasiga muvofiq kelgusi yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiyani milliy darajada amalga oshirishni yanada faollashtirish rejalashtirilgan.

«Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum dasturi doirasida 2 ta yalpi majlis o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Birinchi yalpi majlisda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya Deklaratsiyasi: yutuqlar va zamonaviy xavflar, ushbu majlis doirasida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya Deklaratsiyasini amalga oshirilishining borishi, inson huquqlari bo‘yicha sifatli ta’limga erishish maqsadida tamoyillar va yondashuvlar, shuningdek, dunyoning turli burchaklarida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi texnologik rivojlanish va zamonaviy muammolarni hisobga olgan holda yutuqlar, olingan saboqlar va xulosalar muhokama qilinadi.

Ikkinchi yalpi majlisda xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish masalalari muhokama etiladi va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Anjumanning ikkinchi kunida «Inson huquqlari bo‘yicha mahorat darslari» o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda dunyoning turli universitetlarining inson huquqlari bo‘yicha yetakchi professor-o‘qituvchilari O‘zbekistonning yuridik oliy ta’lim muassasalarida (Toshkent, Samarqand, Nukus va boshqalar) inson huquqlari fanidan dars berish bo‘yicha «mahorat darslari» o‘tkazadilar. Ushbu «mahorat darslari»ga kirish ham oflayn, ham onlayn formatda ishtirokchilar uchun taqdim etiladi.

Forum ishtirokchilarini onlayn ro‘yxatdan o‘tishi www.asianforum.uz sayti orqali amalga oshiriladi.