Samarqandda karantin qoidalariga rioya qilmaganlik uchun 18 milliard 121 million so‘mdan ortiq jarima qo‘llanilgan?
Xalq deputatlari viloyat Kengashining 11-sessiyada bu haqda viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonov axborot berdi.
Qayd etilishcha, viloyat hududida “Covid-19” virusi tarqalishining oldini olish, aholi o‘rtasida karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash maqsadida shahar-tumanlardagi sektorlarning har birida 2 tadan hokimiyat, prokuratura, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, davlat soliq idorasi xodimlaridan bir nafardan IIBdan umumiy mas’ullar biriktirilgan 128 ta ishchi guruhlar tuzildi.
Ishchi guruhlar tomonidan 23 883 ta korxona va tashkilot rahbarlari hamda fuqarolar rasman ogohlantirilgan.
Aholi o‘rtasida karantin qoidalariga qat’iy amal qilinishini ta’minlash borasidagi profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilib, aniqlangan har bir huquqbuzarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Jumladan, karantin tadbirlari e’lon qilingandan bugungi kunga qadar 76 ming 332 ta ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan. Shundan, 61 ming 983 ta holatda tibbiy niqob taqmasdan yurish, 7 615 ta stikersiz transport vositasini boshqarish, 984 ta sababsiz jamoat joylarida to‘planish, 2 ta marosim va yig‘in o‘tkazish, 3 ta ijtimoiy tarmoqlarda vahima tarqatish, 5 745 ta boshqa holatlarda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Huquqbuzarlarga nisbatan 18 milliard 121 million so‘mdan ortiq jarima tayinlangan.
Joriy yil 15 martdan 20 iyulga qadar 32 ming 869 nafar fuqarolar kuzatuvga olingan. Ularning 29 ming 16 nafari karantin nazoratidan chiqarilgan.
Viloyatdagi karantin tadbirlariga 1 592 nafar, jumladan, 940 nafar ichki ishlar idoralari, 201 nafar Milliy gvardiya, 76 nafar mudofaa, 262 nafar favqulodda vaziyatlar, 113 nafar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi xodimlari jalb etilgan.
Bugungi kunda viloyatda 1598 ta o‘ringa mo‘ljallangan 21 ta shifoxona va maxsus muassasalarda bemorlar hamda ular bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan jami 346 nafar shaxslar joylashtirilgan. Shuningdek, 10 105 ta o‘ringa mo‘ljallangan 45 ta zaxira karantin ob’yektlari, Samarqand shahrida 100 o‘rinli shifoxona hamda 1 000 o‘rinli karantin zonasi tashkil etilmoqda.
Viloyat IIB boshlig‘i asosiy e’tiborni faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar, savdo ob’yektlarida karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirishga qaratish hamda karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan muqarrar javobgarlikni ta’minlash, shuningdek, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini yanada jadallashtirish zarurligini ta’kidladi.