Samarqandda maktablar faoliyatini ishchi guruh baholaydi

Samarqand viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, o‘quvchilar va pedagog-xodimlarning sog‘lig‘ini himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida hududlar bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi. Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Bugun, 2 sentyabr kuni Xalq ta’limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vakillaridan iborat ishchi guruh a’zolari umumiy o‘rta ta’lim maktablarining epidemiologik xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘rganish ishlarini boshladi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov rahbarligidagi ishchi guruh a’zolari viloyat maktablarida o‘quv yili boshlangunga qadar ushbu yo‘nalishda o‘rganish ishlarini olib boradi. 

Maktablarning an’anaviy tarzda faoliyati yo‘lga qo‘yilishi oldidan har bir tuman va shaharlardagi maktablar bo‘yicha sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining xulosasi beriladi. Bunda ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarning natijalariga muvofiq, o‘quvchilarning an’anaviy yoki onlayn ta’lim shakliga jalb etilishi, o‘qituvchilarning test topshirganligi holati, maktabning dozator, pirometr, antiseptik vositalar hamda tibbiy niqob bilan ta’minlanganligiga alohida e’tibor qaratiladi va qat’iy nazoratga olinadi. Yakuniy xulosaga kelingach, maktab faoliyatining yo‘lga qo‘yilishiga ruxsat beriladi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.