Samarqandda mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSh dollari bo‘lgan “Grand Swiss” xalqaro shaxmat musobaqasi o‘tkaziladi

Unda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etishi kutilmoqda.
“Grand Swiss” turniri Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan tashkil etiladigan eng nufuzli musobaqalardan biri bo‘lib, shveysarcha formatda, 11 turdan iborat holda o‘tkaziladi.
Musobaqada jahon shaxmat reytingida yuqori o‘rinlarda turgan shaxmatchilar qatnashadi. Shuningdek, FIDE prezidenti tomonidan tavsiya qilingan 4 nafar shaxmatchi va turli xalqaro musobaqalar g‘oliblari uchun maxsus yo‘llanmalar ajratiladi.
Ushbu musobaqa har 2 yilda bir marotaba o‘tkazilib, bundan asosiy maqsad dunyo shaxmat reytingida TOP-100 ga kirgan kuchli shaxmatchilar orasidan jami to‘rt nafar (2 ta erkak, 2 ta ayol) g‘oliblarni jahon shaxmat toji uchun o‘tkaziladigan “Talabgorlar” musobaqasiga saralab olishdan iborat.
Mazkur musobaqa bugungi kunga qadar 3 marotaba - 2019 yil Buyuk Britaniyadagi Men orolining Santon shahrida, 2021 yilda Latviyaning Riga, 2023 yilda Buyuk Britaniyaning Men oroli Duglas shaharlarida o‘tkazilgan.
2023 yilda Duglas shahrida tashkil etilgan musobaqada 37 ta davlatdan 164 (114 nafar erkak, 50 nafar ayol) nafar shaxmatchi ishtirok etgan. Joriy yilning 3-15 sentyabr kunlari ushbu turnir Samarqand shahrida bo‘lib o‘tishi va unda 160 nafarga yaqin yetakchi shaxmatchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Musobaqa umumiy mukofot jamg‘armasi 855 ming (erkaklar uchun 625 ming, ayollar uchun 230 ming) AQSh dollarini tashkil etadi.
Open guruhidagi TOP shaxmatchilar:
Arjun Erigaisi (Hindiston)
Gukesh D (Hindiston)
Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston)
Rameshbabu Praggnanandhaa (Hindiston)
Alireza Firouzja (Fransiya)
Shuningdek Yann Nepomniachtchi, Anish Giri, Mamedyarov, Aronian, Fedoseyev va boshqalar.
O‘zbekistonlik ishtirokchilar:
Nodirbek Abdusattorov
Javohir Sindorov
Nodirbek Yakubboyev
Shamsiddin Vohidov
Gulruhbegim Tohirjonova (ayollar bo‘limi).