Samarqandda murojaatlarga e’tiborsiz qaragan 39 nafar mas’ullarga ma’muriy va intizomiy chora ko‘rildi
Viloyat hokimligida jismoniy va yuridik shaxslar hamda ular vakillarining murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish yuzasidan o‘tkazilgan onlayn yig‘ilish bayonida qayd etilishicha, viloyatda joriy yilning birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan murojaatlar 17,7 foizga oshgan. 5116 ta murojaatlarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan va muddatlari buzilgan holda ko‘rilgani 54 tani tashkil etdi. Takroriy murojaatlar 176 taga ko‘paygan.
Takroriy murojaatlarning asosiy qismi Payariq, Past Darg‘om, Urgut, Samarqand tumanlari va Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlar Urgut tumanida ikki barobar ko‘paygan bo‘lsa, Past Darg‘om, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida jismoniy va yuridik shaxslar hamda ular vakillarining murojaatlari belgilangan muddatlardan kechiktirib ijro etilgan. Viloyat yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasi, sog‘liq saqlash boshqarmasi, qurilish boshqarmasi va “Suvoqava” davlat unitar korxonasi ham murojaatlar ijro muddatiga e’tiborsizlik qilgan.
Murojaatlar bilan ishlashda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun 39 nafar mas’ullarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy va intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Viloyat hokimligi tomonidan birinchi chorak davomida tuman va shaharlarda 7 marta sayyor qabul o‘tkazilgan. Bu qabullar davomida 2385 ta murojaat qabul qilinib, 1904 tasi ijobiy hal etilgan. 481 murojaat bo‘yicha tushuntirish va tavsiya berilgan.