Samarqandda olimpiada ishtirokchilari soni ko‘payadi

O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida dunyo hamjamiyatida tan olingach, 1994 yildan boshlab olimpiya o‘yinlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.

Hozirga qadar viloyatimiz terma jamoasi a’zolari olimpiada shohsupasiga 34 marta ko‘tarilgan bo‘lib, 10 ta oltin, 7 ta kumush va 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritishgan.

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paraolimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz erishgan muvaffaqiyatlar dunyo mamlakatlari vakillarini hayratlantirgani bejiz emas. Chunki bu mustaqillik yillarida mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning samarasidir.

1972 yili Myunxenda o‘tkazilgan XX yozgi olimpiadada samarqandlik bokschi N.Anfimov chorak finalgacha yetib borgan bo‘lsa, 1996 yili AQShning Atlanta shahrida o‘tgan XVI Olimpiya o‘yinlarida Dilshod Yorbekov (boks, 5-o‘rin),  G.Pulyayev (yunon-rim kurashi, 6-o‘rin) munosib ishtirok etgan. 2000 yili Avstraliyaning Sidney shahri mezbonlik qilgan XXVII yozgi olimpiadada D.Yorbekov (boks), B.Qurbonov (erkin kurash), U.Piskunova (yengil atletika) Vatanimiz sharafini himoya qildi. 2008 yili Xitoyning Pekin shahrida o‘tgan XXIX olimpiadada dzyudo bo‘yicha O‘.Qurbonov va X.Nabiyevlar ishtirok etishgan bo‘lishsa, M.Abdullayev (yunon-rim kurashi), A.Kotlyarova (yengil atletika) 2012 yili Londonda (Buyuk Britaniya) bo‘lib o‘tgan XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashish baxtiga muyassar bo‘lishgan edi.

2019 yilda viloyat yoshlari jahon chempionatlarida 27 ta medalga sazovor bo‘lishgan. Ulardan, 8 tasi oltin, 9 tasi kumush va 10 tasi bronza medallar bo‘lsa, o‘tkazilgan Osiyo chempionatlarida ishtirok etib, 70 ta medal qo‘lga kiritilgan. Shundan, 24 ta oltin, 25 ta kumush va 21 ta bronza medallarini tashkil etadi. Xalqaro bellashuvlarda 185 ta medal, shundan, 81 ta oltin, 49 ta kumush va 55 ta bronza medallari sohibi bo‘lishgan.

O‘tgan yili viloyatimiz sportchilari O‘zbekiston chempionati va respublika kubogi bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1917 ta medalga sazovor bo‘lishgan. Ularning 606 tasi oltin, 617 tasi kumush va 694 tasi bronza medallaridir. 2020 yilda viloyatimizning 925 nafar sportchilari sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalariga qabul qilindi. Shulardan, 521 nafari asosiy tarkibga va 404 nafari zaxira tarkibga o‘tkazilgan.

Bugungi kunda viloyatda 5653 ta sport inshooti bo‘lib, ulardan 1 ta eshkak eshish kanali, 2 ta manej, 58 ta stadion, 15 ta suzish basseyni, 1028 ta sportzal, 33 tasi tennis korti, 810 ta futbol, 529 ta mini-futbol (shundan 286 tasi sun’iy qoplamali), 856 ta gandbol, 1281 ta voleybol, 1040 tasi basketbol maydonlaridir. Xalq ta’limi boshqarmasi tizimida 4342 ta, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tizimida 194 ta, akademik litseylarda 11 ta, professional ta’lim muassasalari tizimida (kollejlarda) 702 ta, oliy ta’lim muassasalarida 26 ta, boshqa turli tashkilotlar tasarrufida 378 ta sport inshooti mavjud. Ushbu sport inshootlarining bir kunlik quvvati 251 801 nafarni tashkil qilib, 147 984 nafari, jumladan, 55 278 nafar xotin-qizlar jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanmoqda.

Samarqand viloyatida  sport ta’lim muassasalari 30 ta bo‘lib, 21 ta BO‘SM, 5 ta IBO‘SM, 2 ta IOZMI, 1 ta futbol akademiyasi, 1 ta “Dinamo” PFK tasarrufidagi BO‘SM mavjud.

– Respublikamizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor berilayotganligi sababli viloyatimizda ham bu sohani takomillashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda, - deydi Samarqand viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev. – Pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramasdan, murabbiylarimiz mashg‘ulotlarni masofadan turib (onlayn, internet, telefon orqali) o‘tkazmoqda. Barcha sportchilar va murabbiylar o‘z sport formalarini saqlab turishibdi. Viloyatdagi barcha sport inshootlarimiz shug‘ullanuvchilarni qabul qilishga tayyor holatda saqlanmoqda. Umumta’lim maktablaridagi sport inshootlari ham nazorat qilib borilyapti. Pandemiya tugashi bilan hamma sport mashg‘ulotlari va musobaqalar reja asosida olib boriladi. Viloyatda dzyudo, erkin kurash, yunon-rim, sambo kurashi, boks, sport gimnastikasi va badiiy gimnastika, stol tennisi kabi sport turlari ancha rivojlangan. Samarqand viloyati sport yakkakurashiga ixtisoslashtirilgan BO‘SM, gimnastikaga ixtisoslashtirilgan BO‘SM, Samarqand shahridagi 1, 2-BO‘SM hamda Samarqand shahri va Toyloq tumanidagi IOZMIlarning ishlarini boshqalarga namuna qilib ko‘rsatish mumkin.

Ammo basketbol, futbol, voleybol sport turlari yaxshi rivojlanmayapti va ommaviylashmayapti. Buning turli sabablari bor. Bugungi kundagi asosiy vazifamiz ushbu sport turlarini talab darajasida rivojlantirishga erishishdir. Urgut, Ishtixon, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida suzish havzalari qurib berilgan. Lekin bu havzalar talab darajasida ishlamayapti. Asosiy muammo shundaki, ularda elektr, gaz va suv ta’minoti yaxshi emas. Umid qilamanki, ushbu muammolar ham tezda o‘z yechimini topadi va viloyatimiz sporti bundanda rivojlanadi hamda viloyatimizdan ko‘plab olimpiada sovrindorlari yetishib chiqadi.

- Viloyatning sport sohasida katta imkoniyatlari mavjud, - deydi jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy–metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Samarqand filialining jismoniy tarbiya metodikasi kafedrasi professori Hamroqul Rafiyev. – Soha mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan SamDU, 2 ta IOZMI, bir nechta kasb-hunar kollejlarining sport bo‘limlari bor. Faqat ularning imkoniyatlaridan oqilona foydalanish zarur. Keyingi yillarda sportchilar juda ko‘plab nufuzli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Tumanlardan ham dunyoga taniqli sportchilar yetishib chiqmoqda. Viloyatda sport inshootlari soni yil sayin oshib boryapti. Bu yaxshi, albatta. Lekin zamonaviy talab darajasidagi jismoniy madaniyatni o‘qitadigan kadrlarni tayyorlash og‘riqli nuqta bo‘lib qolgandi. Oliy o‘quv yurtlari talabalaridan olimpiada qatnashchilari kam. Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida jismoniy madaniyat kafedralari mavjud. Ular ham oliygohdagi navqiron yoshlar orasidan yuksak mahoratli sportchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kuchaytirishlari lozim. Menimcha, buning uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, zamonaviy talab darajasidagi jismoniy madaniyat mutaxassislarini tayyorlashni kuchaytirish va kadrlar salohiyatidan unumli foydalanish zarur.

Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Samarqand filiali tashkil etildi. Unda Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlaridagi umumta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari, BO‘SMlarning sport turlari bo‘yicha murabbiylari va maktabgacha ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya sohasi mutaxassislari o‘z malakalarini oshirmoqda.

Bundan tashqari, shahrimizda Moskva jismoniy madaniyat, sport va turizm universitetining Samarqand filiali tashkil qilindi. Rossiya filialining samaradorligi shu oliygohda faoliyat yuritadigan professor-o‘qituvchilarning yuksak saviyasiga bevosita bog‘liq. Bu universitet filialiga Samarqand shahridagi eng yaxshi sport inshootlari mukammal ta’mirlanib, zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlanganligi e’tiborga loyiq. Bu ham respublikamizda, shu jumladan, Samarqand viloyatida jismoniy madaniyat mutaxassislarini, ayniqsa, sport yo‘nalishida mukammal bilimlarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlashga qaratilgan.

Salom HAKIMOV.