Samarqandda o‘qituvchilarning an’anaviy avgust kengashi onlayn tarzda o‘tkazildi
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda xalq ta’limi xodimlarining an’anaviy avgust kengashini onlayn tarzda tashkil etdi. Yangi 2020-2021 o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostidagi avgust kengashi yig‘ilishida viloyat hokimligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat bo‘limi, xalq ta’limi boshqarmasi rahbar xodimlari, bo‘lim boshliqlari va mutaxassislar, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari va umumta’lim maktablarida tashkil etilgan studiyalarda xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, shuningdek, umumta’lim maktablari direktorlari, metodistlar va pedagoglar ishtirok etdi. Uni boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qo‘ldosh Saidov olib bordi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov xalq ta’limi xodimlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlarga to‘xtalib, ushbu imtiyozlarga munosib mehnat qilish, jamiyatda o‘qituvchi obro‘-e’tibori, nufuzini oshirish, eng avvalo, uning o‘z ustida ishlab, malaka va tajribasini oshirishiga bog‘liq bo‘lib qolganini qayd etdi. Afsuski, keyingi yillarda fan o‘qituvchilarining muntazam o‘z ustida ishlamasdan kelayotgani ta’lim sifatini pasayishiga olib kelganini tanqid qildi.
Ayni paytda mavjud muammolardan kelib chiqqan holda, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan yangi o‘quv yilida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi. Unga ko‘ra, fan o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Ustozlar bellashuvi”ni ommalashtirish, PISA, TIMSS, PIRLS Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha belgilangan 42 ta tayanch maktablari faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchilarning bilim salohiyatini oshirishga kelishib olindi.
Tadbirda darsliklardagi muammolar va ularning yechimi, pedagoglar malakasini oshirish, xalqaro baholash dasturlariga samarali tayyorgarlik ko‘rish masalalalari xalq ta’limi xodimlarining muhokama markazida bo‘ldi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi
boshqarmasi axborot xizmati.