Samarqandda O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasining hududiy bo‘limi faoliyat boshlaydi
Davlatimiz rahbarining “Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (03.11.2023 yil) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimida O‘zbekiston karateni rivojlantirish markazi tashkil etiladi.
Mazkur markaz barcha yosh toifalari bo‘yicha terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun asosiy sport bazasi hisoblanadi.
- Qaror bilan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi etib qayta tashkil qilinib, joylarda uning hududiy bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, - deydi viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi bosh mutaxassisi Shuhrat Karimov. – Jumladan, Samarqandda ham O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasining hududiy bo‘limi faoliyat boshlaydi. Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida parakarateni rivojlantirish uchun O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tuzilmasida parakarate bo‘limi tashkil etiladi.
Viloyatda parakarateni rivojlantirish uchun tuman (shahar)lardagi sport maktablarida parakarate sport turi bo‘limlari tashkil etiladi va trener-o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida tegishli oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha rejalar ishlab chiqiladi. Aholi barcha qatlamining karate bilan shug‘ullanishi uchun viloyat hududlarida “Karate hamma uchun” dasturi amalga oshiriladi. Bog‘chalarda esa “Kids karate” (kids karate) loyihasi ishga tushiriladi.
2024 yil 1 martgacha viloyatda karate bilan shug‘ullanayotgan barcha sportchilar, shuningdek, musobaqalarda qatnashuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ERPsport.uz platformasida to‘liq raqamlashtiriladi.
Viloyatda karateni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2023-2026 yillarda karate (WKF) bilan doimiy shug‘ullanuvchilar soni 3500 nafarga yetkaziladi.
Hozirgi kunda viloyatimiz tuman (shahar)larida 32 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida 1200 nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar karate (WKF) bilan shug‘ullanmoqda. O‘zbekiston terma jamoasining asosiy tarkibida 53 nafar, zaxira tarkibida 8 nafar sportchi mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.