Samarqandda O‘zLiDePning yangilangan dasturi va saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasida yoshlar faol bo‘ldi

Samarqandda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi hamda mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari faollari ishtirokidagi davra suhbatida partiyaning yangilangan dasturi va saylovoldi dasturi loyihalari muhokama qilindi.

O‘zLiDeP  viloyat kengashi raisi Sh.Yo‘ldoshev joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat , tuman, shahar kengashlariga bo‘ladigan saylovlar haqida gapirar ekan, 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar, Saylov kodeksining qabul qilinishi, mamlakat ijtimoiy maydonida yana bir siyosiy partiyaning vujudga kelishi va boshqa bir qancha omillar bo‘lajak saylovlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichda, ochiqlik, oshkoralik tamoyillari va kuchli partiyalararo raqobat, g‘oyalar va dasturlar kurashi ostida bo‘lib o‘tishi kutilayotganini alohida ta’kidladi.

Muhokamada turli noan’anaviy takliflari bilan yoshlar faollik ko‘rsatishdi. 20 dan ortiq takliflar aynan yoshlar tomonidan ilgari surildi.

Jumladan, xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati Shoxrux Jo‘raqulov partiya  yangi dasturi va saylovoldi dasturi loyihasi O‘zbekistonni 2050 yilda 50 ta rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishni maqsad qilganligini alohida e’tirof etdi.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi yoshlar qanoti faoli, yosh tadbirkor Sadriddin Qarshiboyev tajribali va yosh tadbirkorlar muloqotini tashkil etish uchun partiya tomonidan tadbirkorlar forumlari tashkil qilish, Respublikamizda tadbirkorlikni targ‘ib qiladigan, ishbilarmonlar hayotini yoritadigan telekanal ochilishini taklif qildi.

Baxtigul QARShIYeVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi

matbuot  kotibi.