Samarqandda «Plakvenil» dori vositasini sotayotgan “tadbirkor” qonunga ro‘baru keldi

Bugungi kun voqeligi turli qing‘ir yo‘lar bilan boyishni kasb qilganlar uchun “keng imkoniyatlar” paydo qilmoqda. Xususan, pandemiya avvalida koronavirusni davolash uchun aniq dori vositasi yo‘q edi. Shunda mavjud dori vositalari, xususan, xloroxin, gidroksixloroxin, azitromitsin kabilarni birinchi bo‘lib Xitoyda qo‘llash boshlandi. Keyinchalik ular Yevropa davlatlarida ham qo‘llanildi.

Tabiiyki, bu dori vositalari turli yo‘llar bian qo‘lda ham sotildi. Bunday qing‘irliklarning oldini olish maqsadida departament xodimlari tomonidan zarur profilaktik va boshqa tadbirlar olib borilmoqda.

Xususan, 24 iyul kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda savdo nomi «Plakvenil» bo‘lgan gidroksixloroxin preparatining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq holat fosh etildi.

Tadbirda Samarqand shahar Sartepa maskanida yashovchi fuqaro A.Jalilov (ism-familiya o‘zgartirilgan) noqonuniy ravishda 1 quti “Plakvenil 200 mg” dori vositasini xaridorga qimmat narxda, ya’ni 1 million 940 ming so‘mga sotgan vaqtda ushlangan. Undan jami 3 million 840 ming so‘mlik gidroksixloroxin dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olinib, hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi axborot xizmati.