Samarqandda propan gaz ballonida “opiy” saqlagan giyohvandfurushlar qo‘lga olindi, ballondagi gaz portlashidan olgan jarohat ularni fosh qildi

Giyohvand moddalarning savdosi va iste’moli tufayli dunyoda ko‘plab insonlarning bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga hamda begunoh bolalarning yetim qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi bir shaxslarni bu ayanchli oqibatlar emas, faqat pul qiziqtiradigan ko‘rinadi. Urgut tumanida yuz bergan hodisa bunga misol.

Tojikiston Respublikasining Dushanbe va Boxtar shaharlarida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan D.O. hamda S.S.lar propan gaz balloni ichiga yashirincha joylashtirilgan “opiy” giyohvandlik moddasini Tojikistondan O‘zbekistonga olib o‘tishadi va sotish maqsadida Urgut tumanida yashovchi tanishi, 1979 yilda tug‘ilgan M.F.ning yashash xonadoniga kelishadi.

Ular propan gaz balloni ichidan giyohvandlik moddalarini olayotganida gaz chaqnashi oqibatida kuyib, tuman shifoxonasiga borishadi. Tez orada gaz ballonida yana nimalar borligi ma’lum bo‘ladi...

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida propan gaz balloni ichida sellofan paketga o‘ralgan 244,19 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda hujjatlashtirildi.

Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan o‘tkazilgan yana bir tadbirda esa Ishtixon tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan Q.A. boshqaruvida bo‘lgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinada 1 kg. 8,16 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.

Hozirda ushbu fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.