Samarqandda qiymati 300 million dollarlik ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi quriladi
Bu Sog‘liqni saqlash vazirligida Yaponiya va Turkiya delegatsiyalari bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Unda Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudoyorov, Yaponiyaning «Sojitz» korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Masayoshi Fujimoto, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) prezidenti Tadashi Mayeda, Turkiyaning «Rönesans International» kompaniyasi bosh direktori Kaan Kemal Ekermenlar ishtirok etdi.
SSV matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu uchrashuv joriy yilning 17-21 iyun kunlari vazir o‘rinbosari F.Toshpo‘latov boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiya davlatiga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Muloqot davomida qayd etilganidek, bugungi kunda Yaponiya va Turkiya bilan mamlakatimizda tibbiyot muassasalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish, kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ushbu davlatlarning bir qancha tibbiyot oliygohlari bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida birgalikda bo‘lajak tibbiyot mutaxassislari tayyorlanmoqda.
Qolaversa, ayni paytda ushbu mamlakatlarning nufuzli kompaniyalari bilan investitsiyaviy, davlat-xususiy sheriklik hamda grant loyihalari ustida ish olib borilmoqda.
Mehmonlar yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida xorijiy investorlar va xususiy sektor vakillari uchun keng imkoniyat hamda qulayliklar yaratilganini qayd etdi.
Uchrashuvda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yaponiyaning «Sojitz» korporatsiyasi va Turkiyaning «Rönesans» kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra, Samarqand viloyati aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida Samarqand shahrida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish bo‘yicha qiymati 300 million dollar bo‘lgan loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur klinikani qurish ishlari 2025 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tomonlar keyinchalik loyiha doirasida ushbu klinika negizida birgalikda tibbiy kadrlar tayyorlashga ham kelishib oldi.