Samarqandda "Qozog‘iston ta’limi kunlari"

Unda Qozog‘iston Respublikasining Turon universiteti, Janubiy-Qozog‘iston, Olmaota, Qarag‘anda, Chimkent davlat universitetlari, tog‘-kon industriyasi instituti kabi 15 ta oliy o‘quv yurtlari o‘zlaridagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari va ixtisosliklari bo‘yicha ma’lumotlarni samarqandlik yoshlarga taqdim etishdi.
– Bugun bizning oliy ta’lim muassasalarimizda 4 ming nafarga yaqin o‘zbekistonliklar tahsil olmoqda, – deydi Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirligi vakili Z.To‘rebekova. – Yurtimizda e’lon qilingan "O‘zbekiston yili" munosabati bilan Prezidentimiz N.Nazarboyev yana 10 ming nafar o‘zbek yoshlari uchun grant ajratishga qaror qildi. Bu yerga kelguncha Navoiy viloyatida bo‘lib, Navoiy konchilik instituti bilan memorandum imzoladik. Samarqand oliygohlari bilan ham bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlari, zamonaviy axborot texnologiyalari, masofadan turib o‘qitish, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash masalalarida hamkorlik kelishuvlariga erishish niyatidamiz.
Tadbir ishtirokchilariga "Qozog‘iston-O‘zbekiston: katta yo‘lning boshlanishi" hujjatli filmi namoyish etildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV.