“Onamga oltin medal sovg‘a qildim”

“Onam oddiy uy bekasi. Uning ishi ro‘zg‘or yumushlaridan tashqari biz farzandlarining tarbiyasi, uyga vazifamizni bajarishga ko‘maklashishdan iborat. Bugun maktabni a’lo baholarga bitirganim uchun menga oltin medal berildi. Men uni onamga sovg‘a qildim. Ko‘zida yosh bilan qabul qildi”.
Bu gaplar Samarqand shahri Qorasuv massividagi maktablarni oltin va kumush medallarga tamomlagan bitiruvchilarni taqdirlash marosimida 81-maktabni tamomlayotgan bir yosh yigit tomonidan aytildi.
Tadbirda hududdagi 80-maktabning 4 nafar, 81-maktabning 9 nafar bitiruvchisi oltin medal bilan taqdirlandi.
- Bu o‘quv yilida ta’lim muassasamizni 158 nafar bitiruvchi tamomlash kerak edi, - deydi maktab direktori Oloviddin Ochilov. – Biroq bir nafar o‘quvchimiz ta’limni yetarli darajada o‘zlashtirolmaganligi uchun sinfdan sinfga qoldi. 157 nafar o‘quvchi maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, ularning 9 nafari oltin medal bilan taqdirlandi. 100 nafar bitiruvchi fan va til bilish sertifikatlariga ega bo‘lib, ularning 2 nafari muddatidan oldin xalqaro oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
- O‘quvchilik davrimda til bilish bo‘yicha IELTS sertifikatiga ega bo‘ldim, - deydi Sevinch Qurbonova. – Natijada xalqaro universitetga muddatidan oldin o‘qishga kirish imkoniga ega bo‘ldim. Bugun oltin medal bilan taqdirlanishim maktabda erishgan eng katta yutuqlarimning biridir.
Viloyatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 51 ming 43 nafar bitiruvchi tamomlagan bo‘lsa, ularning 353 nafari kumush, 1860 nafari oltin medal bilan taqdirlandi.
Dilnoza Ahmadova,
Fazliddin Ro‘ziboyev (foto+video).