Ichki ishlar idoralari raqamlashmoqda

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ommaviy axborot vositalari vakillarini yangi tashkil etilgan bo‘linmalar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida press-tur o‘tkazdi.

Dastlab, davlatimiz rahbarining 2024 yil 18 dekabrdagi qarori va Ichki ishlar vazirligining 2025 yil 13 martdagi buyrug‘i asosida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’muriy amaliyot markazi ishi bilan tanishildi.

– Markaz shu yilning 7 aprelidan faoliyat boshladi va asosiy maqsad yo‘l harakati qoidabuzarliklariga doir ishlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va qonuniy qaror qabul qilish, mazkur yo‘nalishdagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda fuqarolar sarsongarchiligining oldini olish va ularga qo‘shimcha qulaylik yaratish hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati IIB YHXB ma’muriy amaliyot markazi inspektori Jasurbek Boymirzayev. – Avvallari fuqarolar ma’muriy amaliyot bilan bog‘liq masala bo‘lsa, o‘zlari yashab turgan joydagi IIB yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga murojaat qilgan bo‘lsa, endilikda qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar ushbu markazlarga murojaat qilib, masalasiga shu yerning o‘zida yechim topish mumkin. Buning uchun ma’muriy amaliyot markazi “yagona darcha”, Eksterritorial va Open Space tamoyillari asosida faoliyat olib boradi. Bu yerda 10 nafar ofitser, 20 nafar serjant, 5 nafar safdor hamda 5 nafar erkin yollangan ishchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Markazda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish, ma’muriy qarorlar ijrosini ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash, axborot texnologiyalari hamda tuman, shaharlarga xizmat ko‘rsatish guruhlari tashkil etilgan. Shuningdek, “Call centr” tezkor aloqa tarmog‘i ishga tushirilgan. Hozirda markaz xodimlari tomonidan kuniga 100-130 nafargacha fuqarolarning turli ko‘rinishdagi murojaatlariga ijobiy yechim topilmoqda.

Shundan so‘ng press-tur qatnashchilari Samarqand shahar Mustaqillik mahallasidagi huquq-tartibot maskani faoliyati bilan tanishdi.

Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Samarqand viloyatida kriminogen vaziyat og‘ir hududlarda 15 ta mahalla huquq-tartibot maskani tashkil etilib, mazkur mikrohududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tezkor harakatlanish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Samarqand shahrining 4 hududida shunday maskanlar tashkil etilgan. Maskan shtatlar tuzilmasiga hududdagi mahallalar profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha, probatsiya, yo‘l harakati xavfsizligi va patrul-post xizmatlari inspektorlari hamda tezkor-qidiruv xizmati xodimi kiritilib, ularga bosh inspektor boshchilik qiladi. Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘linmalarining naryadlari hududda doimiy ravishda xizmat olib boradi.

– Mustaqillik mahallasida joylashgan huquq-tartibot maskani hududdagi 6 ta mahallaning 14500 dan ortiq aholisi xavfsizligi, osoyishtaligi uchun mas’ul hisoblanadi, – deydi mahalla huquq-tartibot maskani bosh inspektori Haydar Hamroqulov. – Bu yerda inspektorlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratilgan, “Damas” xizmat avtomashinasi va skuter berilgan. Mahallarning kirish va chiqish joylarida o‘rnatilgan 16 ta kamera maskanga ham viloyat IIBdagi tezkor boshqaruv markaziga ulangan. Umuman, hozirda olti mahallada 50 dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, bu vositalar jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, xizmat samaradorligini oshirishda ijobiy ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Maskan faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi bilan qisqa vaqtda hududda o‘ndan ortiq jinoyatning oldi olindi, notinch oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirishga erishildi hamda profilaktik hisobda turgan fuqarolar bilan ishlash tizimi takomillashtirildi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatida raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali ochiqlik va samaradorlik ta’minlanmoqda. Videokuzatuv tizimlari, elektron murojaat platformalari va “Xavfsiz hudud” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar huquqbuzarliklar va jinoyatlarni “issiq izida” aniqlash imkonini bermoqda.

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasidagi Tezkor boshqaruv markazi faoliyati bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov press-tur ishtirokchilariga mazkur markaz faoliyati haqida gapirib berib, viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va erta aniqlash, xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash, sodir etilgan jinoyatlarni tezkor aniqlashdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

– Markaz 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, viloyatdagi 1385 ta ob’yekt kuzatuvga olingan va 2766 ta kuzatuv kameralari bu yerga integratsiya qilingan – dedi R.Mamatov. – Bu kameralarning 871 tasi insonni yuzidan tanib oluvchi, 156 tasi avtomashina raqamlarini tanib oluvchi vositalar hisoblanadi. O‘tgan yil avgust oyidan Samarqand shahrida “Xavfsiz shahar platformasi” ishga tushgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Qalqon” tizimi orqali 39 nafar qidiruvdagilar, 15 nafar bedarak yo‘qolganlar, 7 nafar tezkor qidiruv e’lon qilinganlar, 25 ta qidiruvdagi avtomashinalar, 8 nafar probatsiya cheklovini buzganlar aniqlanib, 228 ta yo‘qolgan buyumlar topilishiga va 86 ta jinoyatlar “issiq izida” ochilishiga erishildi. Yaxshi bilasizlar, keyingi yillarda Samarqandda har yili ko‘plab xalqaro tadbirlar o‘tkazilmoqda, nufuzli delegatsiyalar tashriflari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlarda mazkur markaz faoliyati ahamiyati, ayniqsa, juda katta bo‘lyapti. Shaharning har bir nuqtasi, yo‘llar, yirik ob’yektlar, tarixiy-madaniy yodgorliklar shu yerdan turib kuzatiladi, kerak bo‘lsa, har bir transport vositasi, har bir shaxs harakatlariga e’tibor qaratiladi. Ana shu imkoniyatlar tufayli birgina joriy yilning o‘tgan davrida 100 ga yaqin siyosiy, 500 ta madaniy va 400 dan ortiq sport tadbirlari jamoat tartibi saqlangan holda, turli favqulodda va noxush holatlarsiz, osoyishta o‘tkazildi.

Press-tur davomida ishtirokchilar viloyat IIBdagi “102” xizmati va kiberxavfsizlik bo‘linmasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.