Samarqandda salkam 5,7 ming nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi

Viloyatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufida Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi, Samarqand shahar ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi (KOICA), Kattaqo‘rg‘on shahar kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda 16 ta tuman (shahar)larda mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari faoliyat yuritmoqda. Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalist va blogerlar uchun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Viloyat bandlik bosh boshqarmasining 2021 yil davomida kasbga o‘qitish rejasi 6036 ta bo‘lib, shundan yanvar-iyun oylarida 5691 nafar ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi, - dedi viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. – Birinchi yarim yillikda ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan 3913,9 million so‘m ajratildi. Shundan 3094,3 million so‘m stipendiya xarajatlariga, 819,6 million so‘m o‘qitish xarajatlariga sarflandi.
Darhaqiqat, kasb-hunarga o‘qitish markazlarida 3 oydan 6 oygacha o‘qiyotgan fuqarolarga stipendiya beriladi. Dastlab stipendiya miqdori 200 mingdan ortiq edi, endi esa 560 ming so‘mga oshdi. Shuning uchun ham kasb-hunar o‘rganishni istovchi ishsiz talabgorlar soni ortmoqda.
Shuningdek, matbuot anjumanida respublika Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Ichki kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ushbu qarorga ko‘ra, Samarqand viloyatida qo‘shimcha 3 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari va 106 ta kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etiladi.
Xurshida Ernazarova.