Samarqandda salohiyatli kadrlar zaxirasiga kimlar, qanday asoslar bilan kiritilgan?

Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Salohiyatli kadrlar zaxirasi ham ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2022 yil 4 avgust kuni “Davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari” to‘g‘risida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan yuqori natijalarga erishgan nomzodlarni maxsus bilim va psixodiagnostik test sinovlaridan o‘tkazib, ular orasidan 1000 nafarini tanlab, salohiyatli kadrlar rezerviga kiritish vazifasi belgilangan edi.

Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida viloyatimizda ham tegishli yo‘nalishlarda nomzodlarni saralash va tanlash ishlari amalga oshirildi. Xususan, 2022 yilning sentyabr-oktyabr oyi davomida viloyatdagi 1126 ta mahalladagi 3378 nafar hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari orasidan sektor rahbarlari va yo‘nalishlar bo‘yicha tuman (shahar) hokim o‘rinbosarlarining xulosalari hamda “360” daraja so‘rovnoma natijalariga ko‘ra dastlab 456 nafar nomzod saralab olindi. Saralashning keyingi bosqichi test bosqichidan 65 foiz va undan yuqori natijalarni qayd etgan hamda oldingi ish joylari va mehnat stajlari hisobga olingan holda

192 nafar nomzod saralanib olindi. So‘nggi bosqich suhbat natijalariga ko‘ra, ulardan 120 nafari saralanib, salohiyatli kadrlar zaxirasiga kiritildi. Ulardan 90 nafari hokim yordamchilari, 24 nafari yoshlar yetakchilari, 6 nafari xotin-qizlar faollari hisoblanadi.

120 nafar nomzoddan 16 nafari ayollardir.

Salohiyatli kadrlar zaxirasiga saralangan nomzodlarni kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida har biri o‘zining 6 oyga mo‘ljallangan shaxsiy rivojlanish rejalarini ishlab chiqdi. Ushbu shaxsiy reja ta’lim, amaliyot, ilmiy-ijodiy faoliyat, kitob mutolaasi kabi yo‘nalishlardan iborat bo‘lib, shaxsiy rejaning bajarilishi muntazam ravishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hududiy filiallari tomonidan monitoring qilib boriladi.

Misol uchun, ish rejaga muvofiq joriy yilning yanvar oyida barcha zaxiraga olingan 120 nafar salohiyatli kadrlar davlat fuqarolik xizmatchilari uchun mo‘ljallangan 50 soatlik masofaviy kurslarda o‘qitilib, sertifikatlarga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, nomzodlar o‘z-o‘zini rivojlantirish maqsadida onlayn va an’anaviy o‘quv kurslarida bilim va malakalarini oshirmoqdalar, tavsiya etilgan kitoblarni mutolaa qilmoqdalar.

Nomzodlarning shaxsiy rivojlanish rejalariga ko‘ra, har bir zaxira kadr o‘zlari belgilagan davlat idorasi va tashkiloti, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida stajirovka o‘tab, bilim, tajriba va ko‘nikmalarini rivojlantirish, kelgusi faoliyatlari uchun foydali bo‘lgan ma’lumotlarni olish, biriktirilgan amaliyot rahbarlaridan ish o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Qolaversa, davlat fuqarolik xizmatini raqamlashtirish ishlari jadal olib borilayotganligi, zaxira kadrlar bo‘yicha ham alohida elektron platforma zaxira.argos.uz platformasi ishlab chiqilib, joriy yilning fevral oyidan tajriba sinov tariqasida amaliyotga joriy etilganligi muhim yangiliklardan biridir. Ushbu elektron platformada nomzodlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot, ularning bilim testi, psixologik testlar, suhbat va KPI (reyting) natijalari, kelgusida tavsiya etiladigan lavozimi, shuningdek, shaxsiy rivojlanish rejalari va ularning bajarilishi elektron tarzda kiritilib, monitoring qilib borilmoqda.

Xurshid Nazarov,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali rahbari.