Samarqandda shifokorlar to‘g‘nog‘ich yutgan chaqaloqni qutqarishdi
- Samarqanddagi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga nevaramning oyog‘ida nuqsoni yo‘qmikan, degan xavotir bilan borgandik, - deydi urgutlik Muhsina Azimova. - Shifokor Behzod Eranov nevaramni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazdi. Rentgen qilish kerakligini aytib, barcha tekshiruvlar o‘tkazildi. Tahlillarni topshirib uyga qaytdik. Ertasiga shifokor shoshilinch chaqirtirdi. Borsak, 11 oylik nevaramning oshqozonida to‘g‘nog‘ich (ignatugma) borligi aniqlanibdi. Shifokor darhol zarur ko‘rsatmalarni berib, nevaramni turli noxush vaziyatlardan qutqarib qolishdi. Agar ular o‘z vaqtida buni ko‘rib qolishmaganda, e’tibor berishmaganda, kim bilsin, qanday vaziyat kelib chiqishi mumkin bo‘lardi? Shifokorlardan juda minnatdorman, o‘z vaqtida e’tibor qaratib, nevaramiz salomatligini asrab qolishdi.
- Bolada tug‘ma son suyagi chiqishi tashxisi qo‘yilgach, uni to‘liq tekshirtirish uchun zarur tahlillarga jo‘natgandik, - deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori Behzod Eranov. - Rentgen natijalarida bolaning oshqozonida to‘g‘nog‘ich mavjudligi ko‘rindi. Eng yomoni, u ochiq holda edi. Ularni darhol chaqirtirib, zarur tibbiy tavsiyalarni berdik. Natijada bola oshqozonidagi ochiq turgan to‘g‘nog‘ich tibbiyot klinikalaridan birida, jarrohlik aralashuvisiz olib tashlandi. Ayni paytda bolaning ahvoli yaxshi.