Samarqandda "Sogdiana" akvaparki ochildi (fotojamlanma)

Jami uch yarim gektar maydonda tashkil etilgan so‘lim go‘shada, oilaviy keluvchilar uchun alohida cho‘milish joyi, ikkitadan kattalar va o‘smirlar uchun basseyn, bolalarga mo‘ljallangan basseyn va uchta jakuzi, oltita turli attraksionlar, tez oquvchi, to‘lqinlantiruvchi havzalar mavjud. Maskan bir vaqtning o‘zida ming kishini, bir kunda esa 3-4 ming nafar suv mo‘’jizasiga qiziquvchilarni sig‘dira olishi mumkin.

Akva parkning ikki tomonidan kirish darvozasi oldida avtomashinalar to‘rargohi tashkil etilgan. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari yurtdoshlarimiz xizmatiga shay. Kiyinish xonalarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida alohida elektron kalitlar joriy etilgan.

– Umumiy qiymati 8 million dollar bo‘lgan loyihaning hozirda 3 million dollariga mazkur havza bunyod etildi, – deydi maskanning ijrochi direktori Bahriddin Ibrohimov. – Bu loyiha qiymatinining 40 foizi xitoylik investirlarga tegishli. Yil oxirigacha yana qishki basseyn, sog‘lomlashtirish markazi, 200 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona qurish ishlari yakuniga yetkaziladi. Hozirda bu yerda 30 nafar xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, to‘liq quvvatda ish boshlashimiz bilan yana 90 nafar yurtdoshlarimiz uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

– Shahrimizda bunday maskanlarning qurilishi barchamiz uchun ayni mudao bo‘ldi, – deydi Ali Qushchi mahallasida istiqomat qiluvchi Zulfiya Mamatqulova. – Bu yerdagi sharoit men va farzandlarim uchun juda ma’qul bo‘ldi.

Akvaparkada 3 soat dam olish uchun chipta narxi kattalarga 50 ming so‘m, 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 25 ming so‘m etib belgilangan.

Husan ELTOYeV.