Samarqandda "Sportni sev, sport bilan yasha!" shiori ostida sport tadbirlari bo‘lib o‘tdi
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha tumanlararo musobaqa o‘tkazildi.
Bulung‘ur, Payariq, Qo‘shrabot, Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Kattaqo‘rg‘on shahrining yosh gimnastikachi qizlar ishtirok etgan musobaqada mezbon gimnastikachi Nozima Saidrasulova faol ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari diplom, medal va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
***
Karate-do
Samarqand tumanida karate-do bo‘yicha "Hokim kubogi" ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada respublikaning barcha viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 200 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat an’anaviy karate-do federatsiyasi hamda tuman hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqa yakunida birinchi o‘rinni mezbonlar egalladi. Ikkinchi o‘rin g‘olibi Toyloq tumani sportchilari bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonliklar uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
***
Armrestling
Samarqand shahrida armrestling bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Unda 2000-2002 yillarda tug‘ilgan 100 nafardan ortiq yoshlar o‘zaro bahs olib bordi. Musobaqada samarqandliklarning qo‘li baland keldi. Toshkent shahri sportchilari ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin navoiyliklarga nasib etdi.
***
U-shu
Samarqand shahrida sportning u-shu turi bo‘yicha 8-16 yoshdagi o‘g‘il va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Barcha viloyatlardan kelgan 300 nafarga yaqin sportchi orasidan umumjamoa hisobidan samarqandliklar birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Buxoro hamda Navoiy viloyatlari yosh sportchilari egalladi.
***
Sport akrobatikasi
Samarqand shahridagi gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida sport akrobatikasi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Musobaqada barcha viloyatlardan 100 nafarga yaqin o‘g‘il bolalar va qizlar ishtirok etdi. Murosasiz kechgan bahs yakunida viloyatimiz gimnastikachilari birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Toshkent shahridan kelgan sportchilar ikkinchi bo‘lishdi. Uchinchi o‘rin farg‘onaliklarga nasib etdi.
Ahror Shamsiyev.
***
Sport gimnastikasi
Samarqand shahridagi Sartepa sport majmuasida sport gimnastikasi bo‘yicha 2005-2014 yillarda tug‘ilgan bolalar-o‘smirlar o‘rtasida Samarqand shahar ochiq birinchiligi o‘tkazildi.
Musobaqada mezbon sportchilardan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan jami 140 nafardan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahsga kirishdi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra, viloyatimiz vakillari o‘z mahoratlarini ko‘rsatib birinchilikni egalladi.
***
Voleybol
“Voleybol oyligi” doirasida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqaning final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoa o‘zaro bellashdi. Qiziqarli kechgan musobaqa yakunida Bulung‘ur tumani jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni SamDU jamoasi, uchinchi o‘rinni Urgut tumani jamoasi egalladi.
***
Bolalar futboli
Joriy yilning fevral oyida Samarqand viloyati futbol mahorat maktabi (futbol akademiyasi) 2020/2021 o‘quv yilida bo‘sh qolgan o‘rinlarga hamda joriy nazorat imtihonlari o‘tmagan o‘quvchilar o‘rinlarini to‘ldirish maqsadida o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tarbiyalanuvchilar va nomzodlar futbol bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Ular orasidan 19 nafar eng mahoratlilari tanlab olindi.
Husan Eltoyev.