Samarqandda statistika yo‘nalishida qanday o‘zgarishlar qilingan?
O‘tgan yilda mamlakatimiz Open Data Inventory (ODIN) ochiq ma’lumotlar reytingida 195 ta mamlakat orasida 70 ball bilan 30-o‘ringa ko‘tarildi hamda Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni saqlab qoldi.
Xo‘sh, Open Data Inventory (ODIN)ning o‘zi nima? Bu - rasmiy statistika kamchiliklarini aniqlash, ochiq ma’lumotlar siyosatini ilgari surish, milliy statistika organlari bilan ma’lumotlardan foydalanuvchilar o‘rtasida muloqotni yaxshilash va ochiqlikni baholaydigan xalqaro tizim.
Viloyat statistika boshqarmasiga uyushtirilgan press-turda jurnalistlarga ushbu tizimdagi yangiliklar, muhim jarayonlar, axborotni to‘plash, saqlash, statistika borasida mamlakatning xalqaro maydonlarda erishgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
- Sohadagi yutuqlardan biri 2023 yil 5 dekabrda Londondagi Ochiq ma’lumotlar Instituti (ODI) baholash tizimi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portali data.egov.uz “Gold level” oltin darajadagi sertifikatiga ega bo‘lganidir, - deydi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Muzrob Salimov. - Ushbu sertifikatni dunyodagi 155 mingdan ortiq sayt va portallar qo‘lga kiritgan, biroq jahondagi 3 ta sayt eng yuqori bo‘lgan “Platinum level” darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan. Ulardan biri Statistika agentligining rasmiy sayti stat.uz. bo‘ldi.
Shuningdek, 2023 yildan O‘zbekistonda “MHT – 2008” xalqaro standarti talablari asosida yalpi ichki mahsulot (YaIM) hisob-kitoblarini davlat moliya statistikasi va to‘lov balansi ma’lumotlariga muvofiq ravishda amalga oshirish va Statistika agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilib borish yo‘lga qo‘yildi. YaIMni diskret choraklar asosida hisoblash tajribasini joriy etish orqali choraklik milliy hisoblar takomillashtirildi.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, Open Data Watch tashkilotining “Gender Data Compass” reytingida 2023 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston 37 ball to‘plagan holda 185 mamlakat orasidan 56-o‘rinni, Markaziy Osiyo mintaqasida 3-o‘rinni egallagan.
O‘ktam Xudoyberdiyev.