Samarqandda sudyalar ishtirokida vebinar mashg‘uloti o‘tkazish amaliyoti joriy etildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi tomonidan eksperimental tarzda “ZOOM” dasturi orqali vebinar mashg‘uloti tashkil etildi.

Unda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, tuman (shahar) sudi sudyalari ishtirok etib, 2020 yil 14 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunni o‘rganishdi.

Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilgan. Bunda, birinchidan, videoyozuv orqali qayd etilishi shart bo‘lgan, o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti protsessual harakatlar qatoriga shaxsni ushlash, himoyachidan voz kechish, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish qo‘shilgan.

O‘z o‘rnida Kodeksga himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi normasi kiritilib, bu haqda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi hamda advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuzilishi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yilishi, shuningdek, videoyozuv materiallari bayonnomaga ilova qilinishi ham qat’iy belgilangan.

Ikkinchidan, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan protsessual majburlov choralarining qo‘llanishi xaqida va uning ushlab turilgan joyi to‘g‘risida oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmasa boshqa qarindoshlari yoki yaqin kishilariga xabar berilishi lozim. Shuningdek, bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilish majburiyati Kodeksning avvalgi matnida belgilangan muddatda (24 soatdan kechirmasdan) amalga oshirilishi qayd etilgan bo‘lsa, endi bu majburiyat darhol bajarilishi shart.

Shuningdek, agar ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamog‘iga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi bo‘lsa, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga darhol xabar berish majburiyati ham belgilangan.

Uchinchidan, jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxsni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlab turishda, unga nisbatan qo‘llaniladigan protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etish shartligi mustahkamlangan.

Shu bilan birga, shaxsni ushlash videoyozuv vositalarini qo‘llash imkonini bermaydigan turli vaziyatlarda (jinoyat sodir etilgan joyda shaxsni ushlash, qidiruvda yurgan shaxsni ushlash va hokazo) amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olib, Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasida ushlab turishni videoyozuv orqali qayd etishning majburiyligini belgilovchi qoidaga quyidagilar istisno nazarda tutilgan.

Xususan, shaxsni ushlash, shaxsiy tintuv va olib qo‘yishni o‘tkazishning kechiktirib bo‘lmaydigan hollarida, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Biroq, amaliyotda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning binosida o‘tkaziladigan shaxsni ushlash harakati oldindan rejalashtirilishini inobatga olib, ushbu istisno etuvchi qoida shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organlar binosida ushlashga tatbiq etilmasligi qayd qilingan.

Ahamiyatlisi, shaxsni ushlash jarayonida videoyozuv qo‘llanilmagan taqdirda, davlat organi xodimi ushlangan shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organ binosiga olib kelganidan so‘ng, unga huquqlarini videoyozuvga qayd qilgan holda tushuntirishi shartligiga oid qoida qat’iy belgilangan.

Sudyalar ushbu vebinar mashg‘ulotining amaliyotga joriy qilinishi ularning jinoyat ishini adolatli ko‘rishda o‘zaro fikr almashgan holda qaror chiqarishida qo‘l kelishi bilan ahamiyatli bo‘lishini e’tirof etdi.

O.Qodirov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudya katta yordamchisi.